21:45 / 02.05.2024
15074

«Nega doim Ukraina yon berishi kerak?» Kuleba Rossiya qachon muzokaralarda ishtirok etishi mumkinligi haqida gapirdi

Ukraina TIV rahbari «tajovuzkorni tinchlantirish» siyosati yanada kattaroq urushga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Piroschka van de Wouw / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya 15-16 iyun kunlari Shveytsariyada o‘tkaziladigan sammit doirasidagi tinchlik muzokaralarida qatnashishi mumkin, faqat umumiy tamoyillarga ega bo‘lgan davlatlar koalitsiyasi tuzilganidan keyin, deya ma’lum qildi Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba Foreign Policy uchun bergan intervyusida. Vazir urushga barham berish uchun muzokaralarda mojaroning ikki tomoni ham ishtirok etishi talab etilishini aytgan, ammo muzokaralar bo‘yicha oldingi urinishlar Rossiya emas, Ukraina qaysi masalalarda yon berishi kerakligi asosiga qurilganini aytib, e’tiroz bildirgan. Kuleba bunday yondashuvni Rossiya propagandasining muhim muvaffaqiyatlaridan biri deb atagan va Ukraina «ko‘proq hurmatga loyiqligi»ni ta’kidlagan. Shuningdek, Ukraina TIV rahbari intervyu davomida Rossiya harbiy ishlab chiqarishda butun g‘arbiy alyansni ortda qoldirayotganini aytib, ittifoqchilarni «tajovuzkorni tinchlantirish» siyosatini olib borishdan qaytarib, bunday siyosat yanada kattaroq urushga olib kelishi haqida ogohlantirgan. Quyida Dmitro Kulebaning intervyusidan asosiy joylari keltiriladi.

Rossiya Shveytsariyadagi tinchlik sammitiga taklif etilmadi, chunki muzokara o‘tkazish uchun oldingi urinishlar ushbu davlat kelishuvga rioya qilmayotganini ko‘rsatgan, ammo tinchlik jarayoni bo‘yicha umumiy tamoyil va yondashuvlarga ega mamlakatlar koalitsiyasi tuzilishi bilan uning ham ishtiroki mumkin bo‘ladi, degan Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba.

«Agar Rossiya Ukrainaga qarshi boshlagan urushga darsliklardagi diplomatiya bilan yondashsangiz, sizning nuqtayi nazaringiz o‘rinli bo‘ladi. Chunki biz o‘qigan barcha darsliklarda stolga o‘tirish va muzokaralar olib borish uchun ikki tomon kerakligi aytilgan», — degan Kuleba boshlovchining Rossiya muzokaralarda ishtirok etishi ehtimoli to‘g‘risida bergan savoliga javoban.

Ammo Rossiya bilan bog‘liq holatda, uning so‘zlariga ko‘ra, uning «vijdonan» harakatlanishiga kafolat kerak bo‘ladi. Bunga faqat ikki yo‘l olib kelishi mumkin, deya qayd etadi Kuleba: Ukrainaning jang maydonidagi muvaffaqiyati yoki kelgusi strategiyalar quriladigan umumiy tamoyillarga ega bo‘lgan mamlakatlar koalitsiyasini tuzish.

«Shundan keyin Rossiya bilan muloqot qilish va Rossiya muzokaralarda ishtirok etishi mumkin. Chunki siz haqsiz: alal-oqibat urushga ikki tomon ishtirokisiz barham berib bo‘lmaydi», — deya qo‘shimcha qilgan Kuleba.

TIV rahbari 2014 yildan 2022 yilga qadar bo‘lgan davrda Ukraina Rossiya bilan turli formatlarda muzokaralarning qariyb 200 ga raundini o‘tkazgani, ammo «hech narsa yordam bermagani»ni eslatgan. «O‘ylaymanki, Rossiya propagandasining eng katta muvaffaqiyatlaridan biri shundaki, u odamlar Ukraina qanday masalalarda yon berishi kerakligini muhokama qilishiga erisha oladi», — degan Kuleba. U odamlar hech qachon urush to‘xtatilishi uchun Rossiya qanday masalalarda yon berishi kerakligini muhokama qilmasligini ta’kidladi.

«Biz yon berishlar haqidagi bunday gaplarni davom ettirishmiz [RF TIV rahbari Sergey] Lavrov barchaga gapirib yurishni xush ko‘radigan tarixga — aslida hech qachon bo‘lmagan Istanbul kelishuvlari haqidagi gaplarga o‘tishimiz mumkin. Biz o‘zimizga berishimiz kerak bo‘lgan savol shuki, — biz nima uchun doim gapni Ukraina yon berishi kerakligidan boshlaymiz? Biz bunday fikrlash yo‘nalishini qat’iyan rad etamiz. Biz yetarlicha qurbonlik berdik, biz yetarlicha jang qildik va yana nimani qurbon qilishimiz mumkinligi haqidagi gaplardan ko‘ra ko‘proq hurmatga loyiqmiz», degan u.

Kulebaning so‘zlariga ko‘ra, odamlar «Ukraina qo‘llab-quvvatlovga nega noloyiq ekanini izohlash uchun eng aql bovar qilmaydigan argumentlarni o‘ylab topadi». Ammo, uning fikricha, Ukrainaning urushdagi mag‘lubiyati «domino effektini keltirib chiqaradi» va g‘arb davlatlari uchun tahdid tug‘diradi — ayniqsa, Rossiya qurollar ishlab chiqarishda ancha samaraliroq ekanini ko‘rsatayotgani inobatga olinsa. «Urushning ikki yili davomida Rossiya qurol ishlab chiqarishda butun g‘arbiy alyansga qaraganda samaraliroq bo‘ldi. Bu yomon belgi. Agar biz o‘zimiz bilgan dunyoni himoya qilishga jiddiy qarasak, vaziyat o‘zgarishi kerak», — degan Kuleba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun eng katta xavfni rossiyaliklarning mamlakat energetika tizimini vayron etayotgan ballistik raketalari tug‘dirmoqda. Kulebaning baholariga ko‘ra, Rossiya zarbalari Ukraina energiya tizimining yarmini ishdan chiqargan. «Aytishim mumkinki, agar boshqa mamlakat energetikasi bunday ko‘lamda vayron qilinganida, u Ukrainadan yomonroq holatga tushgan bo‘lardi. Biz bardosh beryapmiz, chunki ko‘p narsani o‘rgandik. Biz chidamlimiz; biz o‘rtaga nimalar tikilganini bilamiz. Ammo tomoshabinlaringizga tushunarliroq bo‘lishi uchun aytaman: energetika tizimimizning yarmi shikastlangan, biz hali mamlakatni boshqarishimiz, harbiy harakatlar olib borishimiz va butun dunyodan yordam olishimiz kerak». 

U Yevropa mamlakatlari AQShdan havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni talab qilishi mumkinligini ta’kidlagan. «Havo hujumidan mudofaa tizimlari — iqtisodiyotimiz uchun ham, shaharlarimiz va tinch aholimiz hayoti uchun ham juda kerak narsa», — deydi Kuleba. U Bryussel va Vashington Ukrainaga yordam berish uchun hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan masala sifatida Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanishni keltirgan.

Umuman olganda, ittifoqchilar uni javobgarlikka torta olmagani uchungina Rossiya bilan munosabatlarda «kelishish» siyosati yuritmasligi kerak, deya qayd etadi Kuleba. «Biror davlatga „ularni jinoyati uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga majburlab bo‘lmaydi, ularni o‘zgartirish imkonsiz, kelinglar, buning o‘rniga ularning jinoyati qurbonini o‘zgartirishga harakat qilamiz“ degan nuqtayi nazardan yondashsak, — bu tajovuzkorni tinchlantirish deyiladi. Agar kimdir turli tashqi siyosat konsepsiyalari va tinchlik sa’y-harakatlari niqobi ostida shunday siyosat yuritmoqchi bo‘lsa, biz tarixdan bilamizki, bu yanada kattaroq urushga olib keladi», — degan Ukraina TIV rahbari.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top