22:31 / 02.05.2024
5590

“Sanoat raqobatining xavfli bosqichidamiz” - Ar-Riyoddagi forumda energetika vazirlari nimalar dedi?

Saudiya Arabistoni poytaxtiga, Xalqaro iqtisodiy forumga yig‘ilgan qator davlatlarning energetika vazirlari energiya borasidagi yechimlar ustida qanday bosh qotirilayotgani va barqaror energiyaga o‘tish masalalarini muhokama qildi.

Foto: Xinhua/Wang Haizhou

Global isish muammosi jiddiy darajada davom etyapti va energiyadan foydalanishdagi nomutanosibliklar saqlanib qolmoqda. Mutaxassislik barqaror va keng qamrovli energetikaga o‘tishni tezlashtirish zarurligi borasida bong uryapti.

Bu safar barqaror energiyaga o‘tish masalasi Xalqaro iqtisodiy forumning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Forum 28-29 aprel kunlari Saudiyaning Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda yashil energetika, teng o‘sishni ta’minlashga qaratilgan moliyaviy, texnologik va siyosiy yechimlarni aniqlash uchun yetakchi energetika ekspertlari bir joyga yig‘ildi.

Shuningdek, tadbirda yigirmadan ziyod davlatlarning energetika vazirlari qatnashdi. Forum saytida vazirlarning nutqlaridan muhim tezislar keltirib o‘tildi.

Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud teng va moliyaviy jihatdan foydali energiya almashinuvini ilgari surish zarurligi haqida gapirdi.

“Hech kim, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar ortda qolmasligi uchun global va universal yondashuv zarur. Iqlim o‘zgarishi va barqarorlik muammosi – global muammodir. Buni mintaqaviy miqyosda yoki kichikroq hududiy masala sifatida ko‘rib bo‘lmaydi. Bu global masala bo‘lishi kerak”, – dedi u.

Afrika Ittifoqi komissiyasi rahbarining infratuzilma, energetika va raqamlashtirish bo‘yicha komissari Amani Abu-Zeyd Afrikaning rivojlanayotgan bozorlarida universal energiyadan foydalanish zarurati haqida gapirdi. U, shuningdek, bioyoqilg‘i, vodorod va ularning hosilalari kabi yangi yoqilg‘ilarni topish muhimligini ta’kidladi.

“Biz hech qanday yechimni e’tiborsiz qoldira olmaymiz. Mavjud barcha yechimlar qit’a tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi zarur”,– dedi u.

Ichki siyosat va geosiyosiy tafovutlar savdo siyosatiga qanday ta’sir qilishiga bag‘ishlangan ochiq sessiyada Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vaziri An Duk-Gin hukumatlar bir-biri bilan raqobatda sanoat siyosatidan foydalanayotgani, bu ayniqsa sun’iy intellekt va yarimo‘tkazgich sanoatida ko‘zga tashlanayotgani haqida gapirdi.

“Katta davlatlar strategik ahamiyatga ega sohani rivojlantirish uchun davlatning katta resurslarini sarflasa, boshqa ko‘plab davlatlar ham shu tendensiya ortidan ergashyapti. Biz sanoat raqobatining juda xavfli bosqichida turibmiz”, – dedi u.

Panel sessiyasida Yevropa Komissiyasining energetika bo‘yicha komissari Kadri Simson Yevropaning energiya manbalarini diversifikatsiya qilish – ayniqsa Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin – hamda shamol va quyosh energiyasi kabi qayta tiklanadigan energiya manbalarini adaptatsiya qilishni tezlashtirish borasidagi sa’y-harakatlari haqida gapirdi.

“So‘nggi ikki yil qayta tiklanadigan energiya bo‘yicha rekord yillar bo‘ldi. Yevropa bo‘ylab yangi shamol va quyosh qurilmalari mintaqaga gaz sarfini sezilarli darajada kamaytirishga yordam berdi. Yevropa Ittifoqi tarmoq infratuzilmasiga qo‘shimcha sarmoya kiritishni ham rejalashtirmoqda”, – dedi Kadri Simon

Shu sessiyada Qatar energetika vaziri Saad Sherida Al-Kaabi kelajak avlodlar uchun energiya xavfsizligini ta’minlash zarurligi, yashil energetikaga o‘tishda mas’uliyatli bo‘lish muhimligini qayd etdi.

Al-Kaabi neft va gaz sanoati hali ham dunyo energiya ta’minotining muhim qismini ta’minlayotganini qo‘shimcha qilib, “talab juda va juda uzoq vaqt davom etishi”ni ta’kidladi.

Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Faraj Al-Mazrui qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirishga chaqirdi.

“Biznesning barqarorligini ta’minlash uchun to‘g‘ri moliyalashtirish va mexanizmlar zarur. Moliyalash qiymati butun mamlakat iqtisodiyotiga bog‘liq. Agar siz diversifikatsiya qilsangiz va iqtisodingiz ahvoli yaxshi bo‘lsa, moliyalashtirish o‘zini oqlashiga guvoh bo‘lasiz”, – dedi u.

Tunis sanoat, tog‘-kon va energetika vaziri Fatma Tabet Chiboub energiya xarajatlari va energiya tejash mexanizmlarini ishlab chiqish harakatlari haqida gapirdi.

“Energiya ta’minoti narxi oshib borayotgani sababli energiya tejash mexanizmlari Tunis uchun milliy ustuvor vazifaga aylandi. Shu bilan birga, Tunis qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni ham oshiryapti”, – dedi u.

Indoneziya energetika va mineral resurslar vaziri Arifin Tasrif o‘z mamlakatining katta aholisini energiya bilan ta’minlash zarurati va Indoneziya turli energiya manbalaridan foydalanishi haqida gapirdi.

Tasrif Indoneziyaning geotermal, gidroenergetika va quyosh energetikasidagi imkoniyatlarini tilga olib, “qayta tiklanadigan energiyaning ko‘p turlaridan omadimiz kelgan”, dedi.

Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev ham Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida ishtirok etdi. Qozog‘iston mahalliy nashrlarining yozishicha, Satkaliyev forum doirasida Chevron kompaniyasining xalqaro qidiruv va qazib olish bo‘yicha prezidenti Kley Neff bilan uchrashib, Tengiz konini o‘zlashtirish hamda gazni qayta ishlash zavodini qurish masalalarini muhokama qilgan.

Tomonlar neft va kondensat qazib olishni yiliga 11 million tonna darajasida saqlashga qaratilgan Qorachag‘anoq konini o‘zlashtirish loyihasini ham muhokama qilgan.

Top