00:46 / 03.05.2024
4862

Turkiya Isroil bilan savdo munosabatlarini to‘xtatdi – OAV

Turkiya bu qarorni rasman e’lon qilmadi, ammo Isroil Tashqi ishlar vazirligi buni tasdiqladi.

Turkiya Isroil bilan barcha savdo-sotiq munosabatlarini to‘xtatdi. Bu haqda vaziyatdan xabardor turkiyalik rasmiylarga tayanib Bloomberg nashri yozdi.

Turkiya bu qarorni rasman e’lon qilmadi, ammo Isroil Tashqi ishlar vazirligi nashrga bu ma’lumotni tasdiqlagan.

Jumladan, departament rahbari Israel Kats Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘anni savdo kelishuvlarini buzganlikda aybladi.

«Turk xalqi va ishbilarmonlari manfaatlarini mensimay, xalqaro savdo kelishuvlarini e’tiborsiz qoldiradigan diktator o‘zini aynan shunday tutadi», deb yozdi vazir ijtimoiy tarmoqda.

Shuningdek, u Isroil hukumati mahalliy ishlab chiqarish va boshqa mamlakatlardan importga alohida e’tibor qaratib, Turkiya bilan savdoga muqobil yo‘llarni topish ustida zudlik bilan ish boshlashini qo‘shimcha qildi.

Turkiya statistika institutiga ko‘ra, Turkiya va Isroil o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2023 yilda 6,8 milliard dollarni tashkil qildi. Bu miqdorning qariyb 76 foizi Turkiya eksportiga to‘g‘ri keladi. Agentlikning qayd etishicha, Turkiya Isroilga asosan temir va po‘lat yetkazib beradi.

Aprel oyida Turkiya Isroilga 54 toifadagi tovarlar, jumladan, po‘lat va alyuminiy mahsulotlariga eksport cheklovi joriy qilgan edi. Shundan so‘ng, Turkiya Savdo vazirligi cheklovlar G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va mintaqaga insonparvarlik yordamining uzluksiz kelishi ta’minlanmaguncha kuchda qolishini ma’lum qildi. Keyinchalik Isroil javob cheklovlarini kiritishga va’da berdi va o‘z ittifoqchilaridan, jumladan Qo‘shma Shtatlardan Turkiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashni so‘radi.

Oy oxirida Erdo‘g‘an Turkiya Isroil bilan savdo aloqalarini endi rivojlantirmasligini ma’lum qildi. Turkiya prezidenti, shuningdek, Isroil hukumatini G‘azo sektorida minglab falastinliklarning o‘limida aybladi. Oradan ko‘p o‘tmay, Turkiya hukumati Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi Xalqaro suddagi da’vosiga qo‘shilish niyatida ekanini e’lon qildi. Janubiy Afrika 2023 yil dekabr oyi oxirida Isroilni G‘azo sektorida falastinliklarga qarshi «genotsid»da ayblab, Xalqaro sudga da’vo kiritgan.

Top