11:54 / 06.05.2024
3237

Rossiya Ukraina IIV sobiq rahbari Avakovni qidiruvga berdi

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining kartotekasida Ukraina sobiq ichki ishlar vaziri qaysi modda bilan qidirilayotganiga aniqlik kiritilmagan. Tergov qo‘mitasi Avakovga 2018 yilda bo‘lib o‘tgan Rossiya prezidenti saylovlarida Rossiya fuqarolarining ovoz berishiga to‘sqinlik qilgani uchun ish ochgan.

Arsen Avakov Foto: picture-alliance/NurPhoto/D. Shamkin

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Ukraina sobiq ichki ishlar vaziri Arsen Avakovni qidiruvga berdi. Bu haqda 6 may, dushanba kuni mahkama ma’lumotlar bazasida aytilgan. Kartochkaga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi 1964 yil 2 yanvarda Boku shahrida tug‘ilgan, millati arman bo‘lgan Avakov Arsen Borisovichni qidirmoqda. Shu bilan birga, ma’lumotlar bazasida avvalroq Rosfinmonitoring tomonidan «terrorchilar» va «ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritilgan Avakov Jinoyat kodeksining qaysi moddasi bo‘yicha qidiruvga berilgani aniqlashtirilmagan. 

Bundan oldin Rossiya Tergov qo‘mitasi Avakovga nisbatan 2018 yilgi Rossiya prezidenti saylovlarida fuqarolarning ovoz berishiga to‘sqinlik qilgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Avakov bir guruh shaxslar bilan til biriktirib, vazirlik xodimlariga Rossiyaning Kiyev, Lviv, Odessa va Xarkivdagi diplomatik muassasalarida saylov uchastkalariga rossiyaliklarning kirishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ko‘rsatma bergan.

Arsen Avakov 2014-2021 yillarda prezidentlar Petro Poroshenko (2014-2019) va Volodimir Zelenskiy davrida Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbari lavozimida ishlagan. 2012—2014 yillarda Oliy rada deputati, 2005—2010 yillarda Xarkiv viloyati ma’muriyatini boshqargan.

Ukrainaning sobiq va hozirgi yuqori martabali rahbarlari qidiruvga berildi

Ukraina sobiq axborot siyosati vaziri, 2014—2019 yillarda ushbu lavozimda ishlagan Yuriy Stets ham oshkor etilmagan jinoiy modda bo‘yicha qidiruvga berilgan. U Tergov qo‘mitasi avvalroq Donbassning Rossiya nazorati ostidagi hududida «o‘q otish va boshqa taxmin qilingan jinoyatlarda» ayblagan shaxslar ro‘yxatida paydo bo‘ldi.

O‘tgan haftada Rossiya Ichki ishlar vazirligi Ukraina oliy rahbariyatining bir qator vakillarini va avvalroq mamlakatni boshqargan shaxslarni qidiruvga berdi. Mahkama ma’lumotlar bazasiga amaldagi davlat rahbari Volodimir Zelenskiy, uning o‘tmishdoshi Petro Poroshenko, Ukraina Tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Pavel Klimkin, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining (MXMK) sobiq rahbari Oleksiy Danilov va Oliy rada sobiq spikeri Vladimir Groysman kiritildi.

Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olishga order bergan 

2023 yil 17 mart kuni Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi. O‘shanda qarorning tafsilotlari darhol oshkor etildi: sud Putinni harbiy jinoyatlarda, xususan, Ukrainaning egallab olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishda gumonlamoqda. Xuddi shunday hibsga olish haqidagi order Rossiya Federatsiyasi prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarilgan. 

Moskva 2022 yil 24 fevralda qo‘shni davlatga uyushtirilgan hujumdan keyin Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlarga aloqadorligini rad etib keladi. Rossiya Xalqaro jinoiy sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi va uning ishida ishtirok etmaydi. 2016 yil noyabr oyining o‘rtalaridan boshlab Rossiya Federatsiyasi sudning funksiyalari, yurisdiksiyasi va tuzilishini belgilaydigan Rim statutining ishtirokchisi emas. O‘z navbatida, XJS harbiy jinoyatlarni tergov qilish va ular uchun jazolash holatlarida davlat rahbarlarining daxlsizligini tan olmaydi. 

Mavzuga oid
Top