18:07 / 21.10.2019
16
131892

«AVTO 60 OY» MChJning qo‘lga olingan rahbari faoliyati bo‘yicha nimalar ma'lum? Tergov departamenti qo‘shimcha izoh berdi

Faoliyatida moliyaviy piramida mavjudligi gumon qilingan «Avto oltmish oy» MChJ rahbarlariga jinoiy qo‘zg‘atilgach, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu firma xodimlari va uning mijozlarining videomurojaati tarqaldi.

14 oktabr kuni Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti «Avto oltmish oy» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi, ya'ni pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini tekshirish maqsadida jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.

Ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda «Avto oltmish oy» MChJ vakillari va mijozlari tomonidan jamiyat rahbari Jamshid Bahodirovni ozod qilish to‘g‘risida videomurojaatlar paydo bo‘ldi. Holatga oydinlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti bo‘limi boshlig‘i Azizbek Dolixodjayev bilan suhbatlashdik. Ma'lum bo‘lishicha, MJCh 17 ming odam bilan avtomobil olib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan, bu odamlardan 40 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yig‘ib olingan, Jamshid Bahodirov esa bu pullarning 3,6 milliard so‘mdan ortiq boshqa maqsadlarda ishlatib yuborgan.

«Avto oltmish oy» MChJ rahbari Jamshid Bahodirov

«UzAuto Motors» kompaniyasining Ichki ishlar vazirligiga yo‘llagan murojaati yuzasidan vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan «Avto oltmish oy» mas'uliyati cheklangan jamiyatining mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi, ya'ni pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini tekshirish maqsadida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari davomida fuqarolarning mol-mulkini jinoiy tajovuzdan himoyalash va «Avto oltmish oy» mas'uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati shaffofligini o‘rganish maqsadida, moliya-xo‘jalik faoliyati hujjatli taftish o‘tkazish yo‘li bilan tekshiriladi.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti bo‘limi boshlig‘i
Azizbek Dolixodjayev

Ayni vaqtda «Avto oltmish oy» mas'uliyati cheklangan jamiyatining bosh ofisi va viloyatlardagi filiallarida mavjud buxgalteriya hujjatlarini aniqlab olish maqsadida tergov guruhlari tomonidan tintuv-tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Aniqlanishicha, may oyida tashkil etilgan jamiyat oktabr oyiga qadar 40 milliard so‘mga yaqin pul mablag‘larini kirim qilgan. Bu pullardan jami 9 milliard so‘mdan ortiqroq summa 130ta avtomobil uchun o‘tkazilgan. Birlamchi buxgalteriya hujjatlariga ko‘ra, Jamshid Bahodirov jamiyatning 2 milliard so‘mga yaqin mablag‘ini naqd pul ko‘rinishida kassadan yechib olgan va shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ochgan firmasiga 1,6 milliard so‘mga yaqin pul mablag‘larini ham o‘tkazgan. Bu shubha uyg‘otadi. 17 ming nafar fuqaro oldida mashina berish bo‘yicha shartnomasi turganda 3,6 milliard so‘m mablag‘lar qay maqsadlarda ishlatilgan?

Jamshid Bahodirov shaxsiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u 1996 yilda tug‘ilgan. 2014 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudi tomonidan 164-moddasi, ya'ni bosqinchilik jinoyati bo‘yicha sud hukmi bilan ayb e'lon qilingan.

Jamiyat mijozlardan navbatda turish bo‘yicha flayerlar sotib pul mablag‘larini shakllantirgan. Tabiiyki, 3 million so‘m, 5 million so‘m avtomobil sotib olishga yetmaydi. Bunda keyingi mijozning pulini kutishga to‘g‘ri keladi. Tushgan 24,6 milliard so‘mga faqatgina 310ta avtomobil xarid qilish mumkin. Aslida 17 mingga yaqin mijozga avtomobil yetkazib berish kerak. Ularning oldidagi majburiyatini bajara olmasligi ko‘rinib turibdi.

Shu bilan birga, tadbirkorlik sub'yektining nazorat kirim-chiqim operatsiyalari nazoratga olinadi, lekin faoliyati to‘xtatib qo‘yilmaydi.

Taftish yakuniga ko‘ra, mazkur jamiyat mansabdor shaxslari va boshqalarning harakatlariga huquqiy baho berilib, jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.

Jinoyat ishi odil sudlov asosida ko‘rib chiqiladi va yakunda sud tomonidan ayblov yoki oqlov hukmi chiqariladi», deya ta'kidladi Dolixodjayev.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top