16:40 / 12.06.2017
34675

Foto: Andijon militsiyasida otliq otryad faoliyat yuritmoqda

Andijon shahrida mazkur alohida guruh faoliyatini boshlaganiga 11 yil bo‘ldi. Otliq guruh har kuni ikki marta jamoat tartibini saqlash uchun xizmatga chiqadi. 

Otliq guruhning asosiy vazifasi madaniy va sport tadbirlarida jamoatchilik tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta'minlash va qoidabuzarlarni tezkor ushlashdir. Shuningdek, ular qo‘riqlash patrul xizmatini ham amalga oshiradi. Otliq guruhning patrullari Andijon shahrining turli jamoat joylarida xizmat olib boradilar. Bundan tashqari, guruh barcha turdagi ommaviy tadbirlarda ham jamoat tartibini saqlashda samarali xizmat qilmoqda.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi, patrul-post xizmati hamda jamoat tartibini saqlash boshqarmasi qoshida tashkil topgan otliq guruhida 22 ta xodim bo‘lib, 16 bosh xizmat oti bor. Xizmat otlari har kuni soat 08-00 dan 18-00 gacha kunduzgi hamda soat 18-00 dan 22-00 gacha tungi xizmatga jalb etib kelinmoqda. Bu haqda Andijon IIB matbuot xizmatiga asoslanib, Kun.uz’ning Andijondagi muxbiri xabar bermoqda.

- Ot mingan ichki ishlar xodimi piyoda hamkasblariga nisbatan tezroq harakatlanadi, - deydi guruh rahbari, serjant Xondamir Anvarov. - Bundan tashqari, otdagi xodim jonivor tepasida atrofdagi vaziyatni yaxshiroq ko‘rish, har qanday xavf-xatarning oldini olish va bartaraf etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tarkibni otliq bo‘linmalar bilan to‘ldirish patrul xizmati samaradorligini oshiradi.

Chavandozlar guruhi tarkibi xizmat o‘tash vaqtida jinoyatlarni tezkor ochilishiga va jinoyat sodir etib voqea joyidan qochib yashirinishga uringan shaxslarni ushlashda o‘z samarasini bermoqda.

Xizmat otlari shaxsiy tarkib tomonidan parvarishlanadi, ularga feldsher-veterinar tomonidan muntazam tibbiy xizmat ko‘rsatib boriladi. Xizmatdan tashqari vaqtlarda haftasiga 3 kun otlar bilan guruhning dressirovka maydonida mashg‘ulotlar o‘tkazilib, otlarni xizmatga tayyorligi va topshiriqlarni bajarishga o‘rgatib boriladi. 

Top