19:20 / 27.05.2017
11926

Toshkentda kichik sanoat zonalari tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahrida kichik sanoat zonalari ishlab chiqarish maydonlari bazasida tashkil etiladi. KSZ hududida joylashgan ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari tadbirkorlik sub'yektlariga 10 yilga uzoq muddatli ijaraga beriladi, keyinchalik u tegishli kelishuvlar bajarilsa yana 10 yilga cho‘zdiriladi.

Belgilanishicha, KSZ ishtirokchilariga davlat xizmatlari KSZ hududlarida tashkil etiluvchi “yagona oyna” prinsipi bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlariga yagona xizmatlar ko‘rsatish markazlari tomonidan taqdim etiladi. KSZ ishtirokchilariga mahsulotlar eksportida ko‘maklashish maqsadida KSZ hududlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash Fondi vakolatxonalari tashkil etiladi. KSZning ko‘chmas mulki uchun huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish davlat yer boshqaruvi va ko‘chmas mulk kadastri korxonalari tomonidan bepul amalga oshiriladi. 

Bundan tashqari, qarorda aytilishicha, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan KSZni tashkil etish uchun bir oylik muddat ichida Toshkent shahri hokimiyatiga foydalanilmayotgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini berishi lozim.

Shuningdek, ushbu qaror bilan KSZ ishtirokchi-tashkilotlari ikki yil muddat ichida mulk va yuridik shaxslar daromadi uchun soliqni, shuningdek yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etiladi. 

Bundan tashqari, qaror bilan Toshkent shahridagi kichik sanoat zonalarining Kafolat jamg‘armasi tashkil etiladi. Uni tashkil etishda O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 50 mln AQSh dollari miqdoridagi bir martalik puli, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va donorlar mablag‘lari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan foydalaniladi.

Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston bosh vaziri A.Aripov va Toshkent shahri hokimi R.Usmonov zimmasiga yuklandi.

Top