Jamiyat | 21:26 / 23.01.2017
28055
5 daqiqa o‘qiladi

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tartibda namuna ekanliklari hayotiy misollarda

Foto: Muslimaat.uz

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.

2015 yilning yanvar oyi, 1436 hijriy yilning rabi'ul avval oyi edi. Shu oy munosabati bilan rabi'ul avval oyining yigirma yettinchi kuni, 2015 yil 18 yanvar kuni ertalab soat roppa-rosa 9:30 da ustozimiz shayx hazratlari boshchiliklarida islom.uz portalining majlislar zalida mavlidi sharif tadbiri o‘tkaziladigan bo‘ldi. Hazratning kotibi Foziljon meni ham ustozning nomlaridan mazkur tadbirga taklif qildi. Men bunday tadbir o‘tkazilayotganidan, unga taklif qilinganimdan juda xursand bo‘lib ketdim, o‘sha kunni intizorlik bilan kutdim. Nihoyat, rabi'ul avval oyining yigirma yettinchi sanasi ertalab soat 9:15 ga tadbirga yetib bordim.

Ulovimdan endi tushganimda ustozimiz shayx hazratlari binoga kirib ketayotgan ekanlar. Zinadan ko‘tarilib, majlislar zaliga kirib borganimda hazrat o‘z joylariga endi o‘tirgan edilar. Meni ham yonlaridagi o‘rindiqqa taklif qildilar. Ustozning takliflariga e'tiroz bildirmay, ko‘rsatgan joylariga o‘tirdim. Atrofdagi ishtirokchilar ham sekin-asta joylariga o‘tira boshladilar. Bir oz vaqt o‘tgandan keyin ustoz o‘ng taraflarida o‘tirgan o‘g‘illari Ismoiljonga qarab, «Soat necha bo‘ldi?» dedilar. Ismoiljon «9 dan 24 daqiqa o‘tdi», dedi. Shunda hazrat «Ha, mayli. Ozgina vaqt bor ekan. Kimlar kelmadi?» deb so‘radilar. Falonchi-falonchilarning kelmagani aytildi. Yana bir oz gaplashib o‘tirganimizdan keyin Ismoiljonga qarab, «Endi soat necha bo‘ldi?» dedilar. U «9:29», dedi. Hazrat «Mayli, bir daqiqadan keyin boshlaysan», dedilar. Soat roppa-rosa 9:30 bo‘lganda Ismoiljon majlisni boshladi.

Ustozimiz shayx hazratlarining o‘ta tartibli inson ekanlarini hammamiz yaxshi bilamiz. Shaxsan o‘zim ham doimo shu narsaning guvohi bo‘lganman. U zotda biror marta ham loqaydlik, beparvolik yoki bepisandlik ko‘rmaganman. U kishi nafaqat o‘zlarining, balki boshqalarning vaqti ham behudaga sovurilishini istamas edilar. Shuning uchun ham vaqtning har bir lahzasini g‘animat bilar, uni bebaho hisoblar edilar. Mazkur tushunchaga qattiq rioya qilganlari uchun boshqalarni ham ana shunday tartibli, va'daning ustidan chiqadigan, biror narsani bir vaqtga belgilasa, belgilangan vaqtidan kechiktirmasdan, albatta, bajaradigan bo‘lishini yaxshi ko‘rar edilar. Bir safar shu haqda qiziqarli bir voqeani ham aytib bergan edilar.

«Germaniyaga borganimizda xizmat yuzasidan poyezdga chiqishimizga to‘g‘ri keldi. Guruhimiz bilan birga vokzalga keldik. Bir oz turganimizdan keyin karnayda nimadir e'lon qilindi. Nemis tilida bo‘lgani uchun aniq tushunmadim. Lekin bildimki, e'lon biz chiqishimiz kerak bo‘lgan poyezd haqida edi. Shuning uchun yonimdagi tarjimondan «Nimani e'lon qilishdi?» deb so‘radim. Tarjimon: «Poyezd bir daqiqa kechga qolar ekan. Shuning uchun uzr so‘rashyapti», dedi. Shunda men nemislarning nima uchun bu qadar rivojlanib, hammaga o‘rnak bo‘ladigan darajaga ko‘tarilganlarini yana bir bor tushundim».

Ustozimiz ko‘pincha «Hech bo‘lmasa ana shu nemislardan o‘rnak olaylik! Mana, ular tartib va tejamkorlikka rioya qilib, qanday darajalarga ko‘tarilishdi. Ba'zi birovlarga o‘xshab nafaqat o‘zining, balki boshqalarning ham umri, vaqti zoye bo‘lishiga sababchi bo‘lmaslik kerak», deb ko‘p takrorlar edilar.

Ishoqjon BeGMATOV,

Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,

«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,

«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

Mavzuga oid