19:21 / 27.01.2018
37388

G‘oliblar

Foto: The-afc.com

Quvonchga sherik bo‘lish va hamdardlik hayotda juda muhim va insonlarni birlashtira oladigan kuch, menimcha.

Yakka sport turlarida muvaffaqiyat qozonish imkoniyati ko‘proq, umuman, o‘sha sport turlaridagi muvaffaqiyatlarimiz salmoqliroq bo‘lsa-da, negadir e'tibor baribir jamoaviy sport o‘yinlariga tortaveradi hammamizni. Bir yarim yil muqaddam bundan kam bo‘lmagan onlarni taqdim etgan bokschi ukalarimizning xizmatlari bosh ustiga, ammo baribir, futbol boshqacha.

Nega bilasizmi?

Men ham bu haqida ko‘p o‘ylamasdim, ammo futbolchilarimizning finaldan keyin g‘alabani qanday nishonlayotganliklarini ko‘rib, barchasini tushungandek bo‘ldim. Futbolda yuqorida tilga olingan sheriklik bor. Muvaffaqiyatdagi sheriklik. Tasavvur qiling, siz futbolchisiz va chempion bo‘ldingiz – atrofingizda xuddi siz kabi futbolchi va chempion bo‘lgan sheriklaringiz bo‘ladi. Ular ham xuddi siz o‘ylagan narsalarni o‘ylayapti, ularning shu tobdagi his-tuyg‘ulari sizniki bilan ayni – shunday insonlarning ko‘p bo‘lishi va ular bilan birga bu tuyg‘ularni baham ko‘rish – ajoyib. Hamma bir muvaffaqiyatli inson atrofida to‘planmaydi, aksincha, bu muvaffaqiyatlarning barchasi birgalikdagi mehnat natijasida yuzaga kelganini hamma bilib turadi.

Inson o‘z muvaffaqiyati maydondagi sherigiga ham bog‘liqligini his qiladi. Uning samarali harakati senga g‘alaba olib keladi, sening goling tufayli, u ham medal taqadi, zo‘r-a?

Menga invidiuallik g‘oyasidan ko‘ra, jamoaviylik ko‘proq yoqadi. Qahramonlik nima? Hollivud filmlarini ko‘ring. Qahramon qarshisida paydo bo‘lgan qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tadi va marraga yetib keladi. Kitoblarni o‘qing. Kambag‘allar kvartalida tug‘ilib, tufli tozalab, mayda-chuyda sotib katta bo‘lgan yetimning ishbilarmon milliarderga aylanib qolish hikoyasi. Esladingiz-a? Inson taqdir faqat va faqat o‘ziga bog‘liq ekani haqidagi safsatani isbotlovchi yuzlab voqea. Manovi yoki anovi ishlarni amalga oshirasiz va siz g‘olibsiz. Lekin atrofda buni amalga oshira olmagan yoki oshirib-da, omadsizlikka uchraganlar haqida lom-mim yo‘q. Omadsizmi ular?

Bir necha yil oldin AQShda yugurish bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Qandaydir xayriya tadbiri edi. Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan o‘n ikki havaskor yaqin masofaga poygada ishtirok etdi.

Masofaning yarmiga kelganda, poygachilardan biri kutilmaganda qoqilib tushadi. Extiyotsizlikdir sababi. Poyga davom etyapti. Qolgan o‘n bir qatnashchi bor-ku, to‘g‘rimi? Ammo safning eng oldida borayotgan bir qiz ortga qaytadi, yiqilgan yigitning qo‘lidan tutadi.

Tomoshabin hayron. Yigit oyog‘ini yerga bosa olmasdi. Ikki qadam qo‘yib, yana o‘tirib oladi. Keyingi ishtirokchi kelib, yigitning yelkasidan tutadi. Uchinchisi oldinga yetaklay boshlaydi. Tomoshabin hayron. Nima bo‘lyapti? Qahramonlik g‘oyasi nima bo‘ladi?

O‘n bir ishtirokchi shikastlangan o‘n ikkinchi sherigini (sherikmidi ular?) yetaklagancha, manzil tomon ketayotgandi. Kimning g‘olib bo‘lishi haqidagi asosiy savol o‘rtadan ko‘tarildi. Har yili yangilanadigan turnir rekordi bu safar sobit qolishi haqida hech kim o‘ylamay qo‘ydi. Ularni manzildan faqat vaqt ajratib turardi xolos. Shunisi aniqki, o‘sha vaqt, albatta, o‘tadi va poygachilar manzilga yetib keladilar. Birgalikda! Hammasi!

Tomoshabinga qiziqmi bu? Qiziq ekan. Negadir deyarli hamma o‘rnidan turib olgan, guruhning manzilga yetib kelishini kutardi. Aslida nima maqsadda yig‘ilganliklari, ammo butunlay boshqa manzaraning guvohi bo‘layotganliklari endi ularni mutlaqo qiziqtirmas, jarayonning o‘zi barchaga zavq bag‘ishlardi.

Yoshlar bir amallab manzilga yetib kelishdi. Hech kim sekundomerga qaramadi. Hech kim qahramon bo‘lmadi. Omadsiz yo‘q, Mag‘lub ham yo‘q. Qahramon yo‘q. Lekin barcha ularni to‘xtovsiz olqishlardi. G‘oliblar bor edi. O‘sha kuni bu atama urfga kirdi. Butun umri davomida o‘sha qahramonlik mafkurasida ulg‘aygan inson o‘zini o‘zi kashf qildi. Aslida nima kerakligini to‘liq anglab yetdi. Raqobat deganda rivojlanishning oliy tafakkurini tushunadigan xalq endi, muvaffaqiyat kaliti aslida butunlay boshqa g‘oyada ekanini tushundi.

Jamoaviy sport turidagi g‘alabalar menga doim o‘sha voqeani eslatib yuboradi. Ayniqsa, terma jamoa miqyosida bo‘lsa... Bunday g‘alabalar biz ham birgalikda biror ishni muvaffaqiyatli yakunga yetkaza olishimizni, biz ham birlasha olishimizni, qo‘limizdan nimadir kelishini isbotlagandek bo‘laveradi doim.  Barchani tabriklayman.

Qahramon Aslanov

Top