09:47 / 30.12.2016
13264

WikiLeaks: Obamaning xatti-harakatlari Vena konvensiyasini buzmoqda

Foto: AFP

AQSh prezidenti Barak Obama ma'muriyatining xatti-harakatlari Vena konvensiyasining ba'zi bandlarini buzmoqda, deb xabar berdi WikiLeaks portali o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

"Rossiya diplomatlarini “to‘sib qo‘yish” Vena konvensiyasini buzish hisoblanadi", - deya xabar berdi WikiLeaks.

AQSh payshanba kuni Rossiya razvedka xizmatlari va bir qator jismoniy shaxslariga nisbatan sanksiyalarni kiritdi. Ular "saylovlarga aralashganlikda" ayblandi hamda mamlakatdan 35 rossiyalik diplomatning chiqarib yuborilishi haqida ma'lum qilindi. Prezident Barak Obama ularni "rossiya razvedkasi xizmatchilari" deb atadi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa AQShning Moskvaga bo‘lgan asossiz ayblovlaridan keskin noroziligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington sanksiyalariga qarshi davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan yo‘nalish bo‘yicha javob choralari qo‘llaniladi.

Hukumat tepasida yana uch hafta qoluvchi amerika ma'muriyatining sanksiyalar borasidagi xatti-harakatlari kutilmagan tajovuzkorlik bo‘lib, munosabatlarning keskin yomonlashuviga olib keladi, deb qo‘shimcha qildi Peskov.

Ma'lumot uchun, AQSh razvedka hamjamiyati rasmiy vakillari oktabrda mamlakat saylov tizimlariga nisbatan kiberhujumlar ortida rossiyalik xakerlar turganini ma'lum qildi. Keyinchalik MRB (Markaziy razvedka boshqarmasi) Rossiyani Demokratik partiya serverlarini buzib kirishda aybladi. Bu Donald Trampga saylovlarda g‘alaba qozonishga yordam berish maqsadida amalga oshirilgani aytilgan. 

Moskvada esa bu ayblovlar keskin rad etilib, ularni dalil-isbotsiz deb atashdi.

 

Mavzuga oid
Top