Lamborghini tomi 17 soniyada yig‘iluvchi Huracan superkarini namoyish qildi
Lamborghini kompaniyasi ochiq Huracan superkar modifikatsiyasi — Spyder`ni namoyish qildi. Model haqidagi ma'lumotlar uning ommaviy namoyishi bo‘lib o‘tadigan Frankfurtdagi motorshou ochilish kuniga qadar sir tutildi.
Superkar soatiga 50 km tezlikda 17 soniya ichida elektrogidrouzatmalar yordamida yig‘iluvchi yumshoq tom qismiga ega bo‘ldi. Uning ranglari qora, jigarrang yoki qizil bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, superkarning haydovchi va yo‘lovchi bosh qismiga havoning girdobli harakatini kamaytirishga xizmat qiluvchi maxsus havo to‘siqlari, ichki ikki yon qismiga esa havo oqimini qayta yo‘naltiruvchi shamol qalqonlari o‘rnatilgan. Natijada ochiq avtomobilda sayr qilish yanada zavq bag‘ishlaydi.
Ochiq Huracan 610 ot kuchiga ega 5,2 litrli V10 dvigateli bilan ta'minlangan. Bunday motor superkarni 3,4 soniya ichida 100 km/soat tezlikka olib chiqa oladi. 200 km/soat tezlikka chiqish uchun esa 10,2 soniya darkor. Avtomobilning eng yuqori tezligi 324 km/soatni tashkil etadi.
Yangi model 2016 yil bahor oylaridan sotuvga chiqarilib, narxi 186450 yevrodan boshlanadi.