«2017 yil avgust oyidagi imtihonlardan «quruq» chiqqan Toshkent moliya instituti o‘z repertuariga sodiq qolgan holda, yangi «sahna ko‘rinishlari»ni namoyish etmoqda», deb yozadi bloger Mirzo Subhanov  o‘z blogida.

Uning olib borgan kichik surishtiruviga ko‘ra, «bu galgi ko‘zbo‘yamachilik institutga yangi o‘qituvchilarni «ishga olish», aniqrog‘i, «ishga olmaslik» bilan bog‘liq».

«Gap shundaki, TMI tomonidan 2017 yil 6 sentabr kuni bandlikka ko‘maklashish markazining rasmiy saytida «Oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi» lavozimiga 24 yangi ish o‘rinlari taklif etilgan. Bu vakansiyalar bo‘yicha «Toshkent oqshomi» gazetasida ham e'lon chiqarilgan. Faqat «tasodifan» institut rasmiy saytida bu bo‘yicha ma'lumot berilmagan, xolos.

Vakansiyada institutning kadrlar bo‘limi telefoni joylashtirilgan. Berilgan telefon raqamlariga bog‘langanimizda, quyidagi javob bizni hayratga soldi:

«Bizda darslar avgust oyidayoq taqsimlab bo‘lingan va bo‘sh ish o‘rinlari mavjud emas!»

Rasmiy saytda 24ta yangi ish o‘rni qayerdan paydo bo‘lgan, deb institut joylashgan hudud bo‘yicha — Yunusobod bandlikka ko‘maklashish  markaziga murojaat etdik. Markaz Toshkent moliya instituti 4 sentabr kuni 24ta vakansiya e'lon qilganini rasman tasdiqladi va hattoki bu vakansiya bo‘yicha 13 sentabr kuni gerb muhrli «ishga yo‘llanma»ni rasmiylashtirdi.

Rasmiylashtirilgan yo‘llanma bilan biz Toshkent moliya institutiga otlandik. Oldinda bizni yangi va yangi sarguzashtlar kutar edi.

Institutning kadrlar bo‘limiga yo‘llanmani taqdim etishga harakat qilganimizda, «siz kechikdingiz, biz odam olib bo‘ldik», degan javobni oldik. Holat yuzasidan e'tiroz bildirganimizda, kadrlar bo‘limi — o‘quv uslubiy boshqarma boshlig‘iga, o‘quv uslubiy boshqarma boshlig‘i o‘z navbatida — institut kengash kotibiyatiga, kotibiyat — kafedra mudirlariga, kafedra mudirlari «estafeta tayoqchasi»ni yana kadrlar bo‘limiga yo‘lladi.

Kvadrat bir tepar uslubini yaxshi o‘zlashtirgan TMI futbolchilarga hatto milliy terma jamoamiz a'zolari havas qilsa arziydi!

Bu holatni nazariy o‘rganishga harakat qilaylik: Toshkent moliya instituti 24ta vakansiyani nima uchun e'lon qildi?

5 yilda bir marta har bir vakant joy qaytadan tanlov asosida rasmiylashtirilishi kerak ekan.