19:34 / 29.12.2015
3997

Yangi yil arafasida Qashqadaryoda 1 mln donaga yaqin pirotexnika vositalari olib qo‘yildi

Yangi yil bayrami arafasida Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar qildi.

Jumladan, Qarshi shahrida fuqaro D.Rashidovaning (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) xonadoni amaldagi tartiblarga muvofiq, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan qiymati 8,6 mln. so‘mdan ziyod 172,8 ming dona pirotexnika vositalari yashirin ravishda saqlanayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, Qarshi shahrida fuqaro Sh.Parpiyevning xonadoni ham amaldagi tartiblarga muvofiq ko‘zdan kechirilganda, bu yerda 17 dona qog‘oz qutida qiymati 20 mln so‘mdan ortiq 2 turdagi 100 ming dona pirotexnika vositalari hovlidagi g‘o‘zapoya uyumlari ostida noqonuniy ravishda saqlanayotganligi fosh qilindi.

Ta'kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan xuquqni muxofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 11 ta bojxona qoidabuzarlik holatida qiymati 42,6 mln. so‘mlik 945 ming donadan ortiq pirotexnika vositalarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Top