22:57 / 29.12.2015
5509

Rossiyaning giyohvand moddalarni nazorat qilish federal xizmati Rossiyaga olib kirilayotgan giyohvand moddalar uchun aybni osiyolik muhojirlarga yukladi

Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehnat muhojirlari Rossiyaga afg‘on geroinini olib kirishga aloqadorlar, deb aytdi Rossiyaning giyohvand moddalarni nazorat qilish federal xizmati boshlig‘i Viktor Ivanov. Bu haqda “Interfaks” axborot agentligi ma'lum qildi.

“Afsuski, hozirda Tojikiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mustaqil davlatlarda yashayotgan sobiq yurtdoshlarimiz giyohvand moddalar tranzitiga aralashib qolganlar”, deb aytdi Ivanov “Rossiya-24” telekanali efirida.

“Rossiyada Moskva viloyatidagi dala hovlilarda ishlab pul topiladigan ishni 100 yoki 200 gramm oq kukunni sotish bilan qoplash mumkin. Afsuski, migratsion oqimlar afg‘on geroinini tashish uchun imkoniyat yaratmoqda”, deb aytdi Ivanov.

Ivanovning ta'kidlashicha, Afg‘oniston va Rossiya o‘rtasida chegara yo‘q, shuning uchun
giyohvand moddalar hech qanday to‘siqlarsiz Rossiyaga o‘tadi.

Afg‘on narkotrafigining oldini olish uchun giyohvand moddalarni nazorat qilish federal xizmati va Markaziy Osiyo davlatlarining aksilnarkotik idoralari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda hamda Tojikiston va Qirg‘iziston huquq-tartibot muassasalariga moliya-texnik ko‘magini ko‘rsatadi.

Top