06:14 / 30.12.2015
11777

Qozog‘iston tabiiy ofat iskanjasida: Sharqiy Qozog‘istonda 2 metrlik qor va Qarag‘andada ulkan tirbandliklar

Qozog‘istonning respublika va viloyat ahamiyatidagi yo‘llarida bo‘ron va yo‘llarning muzlashi tufayli murakkab vaziyat yuzaga keldi: yo‘llarda ulkan tirbandliklar hosil bo‘lib, odamlar qor uyumlari iskanjasida qoldilar. Bu haqda nur.kz portali xabar bermoqda.

Qarag‘anda viloyati favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, avariya-qutqaruv ishlarini o‘tkazish uchun mahalliy ijroiya organlari, Qozog‘iston IIV favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi va yo‘l tashkilotlari kuch va vositalari Oqto‘g‘ay, Buxor-Jirau, Shet, Janaarqin, Qarqaralin, O‘saqarov va Ulitau tumanlari avtomobil yo‘llariga jalb qilinganlar. 

Shu vaqt ichida qor uyumlaridan 337 taga yaqin yengil va yuk mashinasi hamda 20 ta avtobus chiqarib olingan, 188 kishining hayoti qutqarib qolingan, 365 kishi evakuatsiya qilingan.

Ba'zi odamlar yo‘llarda tirbandliklar tufayli bir necha kunga qolib ketdilar. Misol uchun, Balxashda odamlar mahalliy internat binosiga joylashtirildilar. Ular uchun issiq yegulik tashkil etildi.

Guvohlarning  ma'lum qilishicha, Balxash-Qarag‘anda trassasida odamlar 3 kunlab qolib ketmoqdalar, yoqilg‘i va yegulik tugash arafasida. Yaqin oradagi kafelar o‘z mahsulotlariga narxni 3 barobarga ko‘tarib yuborgan.

Yuzaga kelgan vaziyat tufayli Abay tumani hududida mahalliy ko‘lamdagi favqulodda vaziyat tartibi e'lon qilindi.

Hokimiyatlar tomonidan jabr ko‘rgan aholini oziq-ovqat bilan ta'minlash tashkil etilgan.   

Sharqiy Qozog‘istonda trassalar to‘liq qor ostida qolgan va qor qatlami balandligi 2 metrga yetmoqda. Favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun Ko‘ktepa tumanining 9 ta qishlog‘ida dehqonchilik xo‘jaliklarining texnikasi jalb qilingan.

Hududlarda hayotni ta'minlash maqsadida 9 ta tibbiyot punkti, 18 ta savdo nuqtasi ishlamoqda. Biroq 7 ta aholi punktida katta quvvatli qor tozalovchi texnika mavjud emas va mahalliy ijroiya idoralari dehqonchilik xo‘jaliklari bilan yo‘llarni tozalash bo‘yicha shartnomalar tuzmoqdalar.

Bundan tashqari, yomon ob-havo sharoiti transport vositalari ishini ham murakkablashtirdi. Kuchli shamol, bo‘ron, ko‘rish darajasi pasaygani tufayli aviareyslar bekor qilinmoqda, ko‘plab trassalar berkitib qo‘yildi. Bu kunlarda yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha asosiy yuklama temir yo‘lchilar zimmasiga tushmoqda.  

Top