19:10 / 30.12.2015
26530

2015 yilning O‘zbekistonga oid eng muhim hodisalari Kun.uz talqinida

Poyoniga yetayotgan 2015 yil O‘zbekiston uchun ko‘plab muhim hodisalarga boy bo‘ldi. Garchi o‘tayotgan yil dunyo miqyosida terrorizm, qurolli mojarolar, muhojirlar inqirozi, tabiiy ofatlar va boshqa global chaqiriqlarga to‘liqligi bilan insoniyat tarixidan joy olayotgan bo‘lsa ham, Jannatmakon yurtimizda osoyishtalik, tinchlik va farovonlik hukm surdi, har qaysi sohada tiklanish, yuksalish va taraqqiyot kuzatildi, xalqimizning turmush darajasi ortdi. Erishilgan yutuq va muvaffayatlarimizni birma-bir sanasak, vaqt ham, imkoniyat ham yetmasligi aniq. Keling, shu sababdan 2015 yilda O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng muhim voqea-hodisalar to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

***

2015 yilning 29 mart kuni O‘zbekistonda prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda qariyb 19 million fuqaro ishtirok etib, 90,39 foiz, ya'ni 17 million saylovchi yakdillik bilan Islom Karimov nomzodini yoqlab chiqdi.

***

May oyida e'lon qilingan reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “Butunjahon baxt indeksi”da 158 ta mamlakat o‘rtasida 44-pog‘onani, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida esa birinchi o‘rinni egalladi.

***

11 iyun kuni BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Toshkentga tashrif buyurdi. U o‘z tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bilan uchrashdi. Tashrif mobaynida martabali mehmon Buxoro shahrida bo‘lib, shaharning qadimiy tarixi va me'moriy yodgorliklari bilan tanishdi.

***

Avgust oyida e'lon qilingan reytingga ko‘ra, O‘zbekiston umumiy aholisiga nisbatan uzoq umr ko‘ruvchilar (100 yosh va undan oshganlar) soni bo‘yicha davlatlar o‘nligida uchinchi, uzoq umr ko‘ruvchilarning umumiy miqdori bo‘yicha esa oltinchi o‘rinni egalladi.

***

Economist Intelligence Unit tadqiqot kompaniyasi tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Toshkent shahri dunyoning yashash uchun eng maqbul 140ta shahridan biri deb e'lon qilindi. O‘zbekiston poytaxti 54,6 ball yiqqan holda ushbu reytingda 116-o‘ringa loyiq deb topildi. Xususan, Toshkent barqarorlik bo‘yicha 50 ball, sog‘liqni saqlash tizimi – 58,3 ball, ekologiya va madaniyat – 53 ball, ta'lim tizimi – 75 ball va infratuzilma bo‘yicha 48,2 ball to‘pladi.

***

Samarqand shahrida “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivali tashkil etildi. 1997 yilda o‘tkazilgan birinchi festivalda 31 mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi anjumanga 66 davlat san'atkorlari tashrif buyurdi. 30 avgust kuni “Sharq taronalari” o‘ninchi xalqaro musiqa festivali g‘olib va sovrindorlarini e'lon qilindi. Festivalning bosh sovrini — Gran-pri Xitoyning “Jiangsu Women’s Orchestra” guruhiga topshirildi.

***

1 oktabrdan "Nasaf" poyezdining Toshkent-Qarshi yo‘nalishi Kitobgacha uzaytirildi. Poyezd Toshkentdan haftaning dushanba kunidan tashqari har kuni soat 15-02da jo‘nab, Kitobdan haftaning juma, shanba, yakshanba, dushanba, chorshanba kunlari soat 04-37da ortga qaytadigan bo‘ldi.

***

Rossiya poytaxti Moskva shahrida Ravon nomli yangi avtomobil brendining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu marka ostida GM Uzbekistan zavodining Daewoo Matiz, Gentra, Chevrolet Spark, Cobalt va Aveoning keyingi avlodlari modellarini sotish rejalashtirilmoqda.

***

Oktyabr oyida Jahon banki hisobotida O‘zbekiston 2014-2015 yillarda biznesni yuritish uchun qulay sharoitlarni yaratish bo‘yicha islohotchi mamlakatlar o‘nligiga kiritildi. O‘zbekiston 189 mamlakat o‘rtasida 87-o‘ringa ko‘tarilib, tadbirkorlik faoliyatini boshqarish bo‘yicha yetakchi davlatlar o‘nligiga kirdi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz tadbirkorlik muhitida 10 indikatorning 3tasi bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi.

***

25 oktabrda O‘zbekiston hamda Yaponiya bosh vazirlari Shavkat Mirziyoyev hamda Shindzo Abe ishtirokida 3,5 yarim yil davomida olib borilgan rekonstruksiya ishlaridan so‘ng (2012 yil mayda boshlangan) Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatrining binosi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

***

Noyabr oyida Toshkentda Xalqaro investitsion forum bo‘lib o‘tdi. Forumda dunyoning 33 mamlakatidan firma va kompaniyalar, investitsiya fondlari va banklar, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa yetakchi xalqaro iqtisodiy va moliya institutlari vakillari, ekspertlar qatnashib, yakunda 12,4 mlrd dollarlik shartnomalar imzolandi.

***

“Iqtisodiyot va Tinchlik instituti” tomonidan ishlab chiqilgan “Dunyo terrorizm indeksi” xalqaro bayonotiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning eng tinch 38 mamlakati qatoridan joy olib, terrorchilik faoliyati ijtimoiy va iqtisodiy hayotiga ta'sir ko‘rsatmaydigan davlatlardan biri deb e'lon qilindi.

***

8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining23 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimdi Islom Karimov kelayotgan 2016 yilning “Sog‘lom ona va bola yili” deb e'lon qildi.

***

2015 yilning 14 dekabridan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan GM Uzbekistan avtomobillarining narxi o‘rtacha 30 foizga qimmatlashdi.

***

O‘zbekiston fuqarolarining biometrik pasportga o‘tish muddati 2018 yilning 1 iyuliga qadar uzaytirildi. O‘zbekistonda biometrik ma'lumotlarga ega pasportlarga o‘tish jarayoni 2011 yil 1 yanvaridan boshlangan bo‘lib, u 2015 yil oxirida yakunlanishi kutilayotgan edi.

Top