11:22 / 03.01.2016
10872

Odil Ahmedov Namanganda yosh futbolchilar bilan uchrashdi

1 yanvar kuni “Navbahor” o‘yingohida Namangan futboli tarbiyalanuvchisi, ayni paytda Rossiyaning “Krasnodar” klubi a'zosi hisoblanadigan Odil Ahmedov yosh futbolchilar bilan uchrashdi.

O‘yingohdagi majlislar zalida o‘tkazilgan uchrashuvda Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Namangan viloyat hokimligining Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i Rasuljon Nizambayev, Namangan shahar hokimi, “Navbahor” futbol klubi prezidenti Bahodir Bekxodjayev, “Navbahor” futbol klubi vitse-prezidenti Olimjon Qosimov va OAV vakillari ham qatnashishdi.

Uchrashuv avvalida Namangan viloyat hokimi so‘zga chiqib, yosh futbolchilarga kelgusida mamlakatimiz futbolida o‘z o‘rinlariga ega bo‘lish uchun tinmay mehnat qilish lozimligi haqida gapirib, ular uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotganligini alohida e'tirof etdi. Kelgusida yosh avlod vakillarini futbol bilan munosib tarzda shug‘ullanishlari uchun yangi-yangi sport inshootlarini barpo etilishini ma'lum qildi.

Uchrashuvda Namangan viloyat faxri bo‘lgan Odil Ahmedovga Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan 15-sonli futbol maktab-internati va “Navbahor-Umid” futbol maktabining iqtidorli tarbiyalanuvchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilishdi. Odil Ahmedov faoliyati davomida ro‘y bergan qiziqarli voqealar haqida gapirib berdi. Uchrashuv so‘nggida Ahmedov maydonga chiqib, yosh futbolchilarga to‘p bilan ishlashdagi mahoratini namoyish etdi.

Top