14:07 / 16.06.2017
24080

Ijtimoiy so‘rov: O‘zbekiston aholisining qariyb 57 foizi mamlakatda korrupsiya bor, deb hisoblaydi

Foto: "Kun"

Korrupsiya har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotiga jiddiy putur yetkazadi. Qolaversa, fuqarolarning ijtimoiy adolat, haqiqat hamda davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi. Shuning uchun ham respublikamizda mazkur illatga qarshi kurashish, unga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirish yo‘lida qat'iy ishlar olib borilmoqda. Zero, bugunning o‘zida korrupsiyaga qarshi keskin choralar ishlab chiqilmas ekan, u demokratik davlatning siyosiy va ijtimoiy institutlariga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, mamlakat ­xavfsizligiga, umuman, jamiyatga tahdid soladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan shu yil yanvar oyida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingani ushbu yo‘nalishda muhim qadam bo‘ldi. Unda korrupsiya ildizlariga barham berish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ­sifatida belgilab berilgan.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mutaxassislari 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi ijrosi doirasida fuqarolarning ushbu ­illatga munosabatini o‘rganishdi.

 

Muammo mavjud

So‘rovda qatnashgan yurtdoshlarimizning aksariyat qismi — 91,5 foizi ­davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy munosabatlarni kompleks tartibga solish, ushbu sohadagi chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, ushbu illatni ildizi bilan yo‘q qilish, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni qaror toptirishga qaratilgan qonunchilik tashabbusini qo‘llab-quvvatlashmoqda.

Respondentlarning yarmidan ko‘pi (56,8 foiz) jamiyatimizda korrupsiya bor, deb hisoblaydi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari aholisi ko‘proq qayd etgan. So‘rov shuni ko‘rsatdiki, shahar aholisi qishloq odamlariga qaraganda jamiyatda korrupsiya mavjudligini ko‘proq ta'kidlagan.

Tadqiqotda qatnashgan yurtdoshlarimizning 76,3 foizi fikricha, mazkur illat hamma joyda emas, balki jamiyatning ayrim sohalarida bor. Masalan, respondentlarning 37,6 foizi ­tomonidan ­sog‘liqni saqlash, ya'ni tibbiyot ­korrupsiya eng ko‘p kirib borgan soha sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Undan keyin ta'lim sohasi turibdi
(31,4 foiz). So‘rovda ishtirok etgan hamyurtlarimizning har to‘rtinchisi ayrim huquq-tartibot organlari korrupsiyalashgan, degan fikrni bildirgan. Bandlik, ijtimoiy ta'minot, kommunal xizmat, bank, soliq va bojxona ­idoralari, hokimliklar hamda boshqalar faoliyatida ham korrupsiya uchrashi bildirilgan.

 

Sababsiz oqibat bo‘lmaydi

Bu borada huquqbuzarliklarni sodir etish imkoniyatini yaratadigan, korrupsiyaga sabab bo‘ladigan omillarni aniqlash korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Markaz xodimlari muammoning ildizini aniqlashga ­harakat qilishdi. Respondentlarning 64,4 foizi korrupsiyani huquqiy,
51 foizi iqtisodiy, 46,3 foizi ­ijtimoiy, 45,8 foizi axloqiy ­muammo sifatida biladi.

Yurtdoshlarimiz fikricha, fuqarolik jamiyati keng miqyosda rivojlanmaganligi, jamoatchilik nazorati yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi, huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi kabi muammolar korrupsiyaning turli idoralar faoliyatida keng tarqalishiga sabab bo‘layapti. Mansabdor shaxslar vakolat doirasining kengligi, ularning fuqarolar farovonligi ­bilan bog‘liq qarorlarni qabul ­qilishga ta'sir etish imkoniyati ham ­korrupsiyaning paydo bo‘lishi ­ehtimolini oshiradi.

Keyingi paytda korrupsiyaga olib keluvchi sabablar sifatida ushbu sohada qonunchilik bazasi takomillashmaganligini ko‘rsatuvchi fuqarolar soni 8 foizga kamaygani (10,4 foiz) e'tiborga molik. Qonunga hurmatsizlik, mahalliy boshqaruv organlari ­faoliyati shaffof emasligi ham ­korrupsiyaga olib kelayotgan sabablar sifatida qayd etilgan.

Tadqiqot davomida fuqarolarning mansabdor shaxslarni o‘z mavqeidan shaxsiy manfaati uchun foydalanishga undaydigan va korrupsiya huquqbuzarligini amalga oshirish sabablariga nisbatan fikri ayon bo‘ldi.

Yurtdoshlarimiz bayoniga ko‘ra, o‘z moddiy ahvolini yaxshilab olish hamda boyish istagi mansabdor shaxslarni korrupsiyaga undaydi. Ayni paytda shaxsiy ­muammolarini hal qilish ­evaziga ­fuqarolarning o‘zlari ­beradigan moddiy mukofot yoki boshqa ko‘rinishdagi hadyalar ham korrupsiyaga yo‘l ochadi. Shu bois aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish va korrupsiyaga qarshi axloq standartlarini ­yaratish juda muhim.

 

Tanlagan yo‘limiz to‘g‘ri

Respondentlarning mutlaq ko‘pchiligi, ya'ni 91,8 foizi korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, korrupsiyaga yo‘l ochuvchi shart-sharoitlar hamda sabablarni bartaraf etishga qaratilgan sa'y-harakatlarni yuqori baholaydilar. Bular jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qilayapti. So‘rovda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni “yetarli darajada muvaffaqiyatli” deb bilishadi.

Jamoatchilik fikri tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, oxirgi yilda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda ijobiy tendensiya kuzatilayapti, deb hisoblaydigan fuqarolar soni
9,3 foiz ortgan. Ko‘pchilik buni davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta'minlayotgan O‘zbe­kiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari instituti joriy qilinishi bilan bog‘lamoqda.

Respondentlarning 65,8 foizi korruptsionerlarning katta qismi qilgan jinoyatlari uchun, albatta, jazosini olishiga ishonchi komil ekanligini bildirgan.

Tadqiqot davomida korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorlik ­Indeksi belgilab olindi. Ushbu ko‘rsatkich birmuncha yuqori — 0,65. ­Yurtdoshlarimiz fikricha, jinoiy ­javobgarlik va jazo muqarrarligi, fuqarolarning huquqiy bilimini ­yuksaltirish hamda ushbu sohadagi chora-tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish ­korrupsiyaga qarshi kurashishda eng ­samarali chora hisoblanadi. Ko‘pchilik iqtisodiy ta'sir choralarini qo‘llash, fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish, mansabdor shaxslar xonalariga, o‘quv auditoriyalariga va boshqa joylarga kuzatuv kameralarini o‘rnatish zarurligini ham aytishgan.

 

Ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish zarur

Fuqarolarning fikricha, korrupsiya­ga qarshi kurashish faqat huquq-tartibot organlarining emas, balki barchamiz uchun ham birinchi galdagi vazifadir. Aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini kuchaytirish, jamoatchilikning korrupsiyaga qarshi murosasizlik kayfiyatini shakllantirish hamda ijro hokimiyati organlari faoliyatining yanada ochiq va shaffofligini ta'minlash uchun shart-sharoit yaratish, qolaversa, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi sa'y-harakatlar ham korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining ajralmas qismi bo‘lishi kerak.

Yurtdoshlarimizning 41,3 foizi davlat, huquq-tartibot, boshqaruv va nazorat organlari korrupsiyaning ­oldini olish hamda unga qarshi kurashishda jamiyat va uning fuqarolik ­institutlari bilan yaqin hamkorlikda, ushbu institutlarning faol va ­bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilangina yuqori samaraga erishishi mumkin, deb hisoblaydi. So‘rov ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi fikricha, davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi hamkorlik yuqori darajada. Qolgan qismi esa o‘rtacha yoki past, deb baholagan. Bu ­natijalar mazkur sohada ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlash ­zarurligini ko‘rsatmoqda.

 

Pora bersa olaveradimi?

“Oilangiz a'zolari yoki yaqinlaringiz hayotida korrupsiya bilan bog‘liq hodisa sodir bo‘lganmi?” Ushbu savolga respondentlarning aksariyati salbiy javob berishdi. Ammo suiiste'molliklarga duch kelganlar ham kam emas. Ushbu muammoga yo‘liqqan respondentlar orasida qishloq aholisiga qaraganda shaharliklar soni bir oz ko‘pchilikni tashkil etdi. Respondentlarning ko‘pchiligi yaqinlaridan mansabdor shaxslar pora talab qilgani bilan bog‘liq hodisalardan xabardor ekanini aytishgan. Ularning 8,4 foizi qarindoshlari yoki tanishlari o‘zlari pora taklif etganini ta'kidlashsa, 6,8 foizi ularning yaqinlariga pora taklif qilinganini bildirishgan. Respondentlarning 3,4 foizi esa ularning qarindoshi yoki do‘sti pora olish bilan shug‘ullanganini tan ­olgan.

Ayrim respondentlar buni jamiyatda “umumqabul qilingan tartiblar” bilan bog‘lagan, ya'ni “U shunchaki hamma qilgan ishni qildi, ajralib qolishni istamadi”, “Bu minnatdorchilikning umumqabul qilingan shakli” qabilida ish tutishadi. Yurtdoshlarimiz fikricha, ularning yaqini huquqiy bilimi sayozligi, haq-huquqlarini yaxshi bilmasligi sababli pora berishga rozi bo‘lgan.

So‘rov natijalari ko‘rsatishicha, respondentlarning mutlaq ko‘pchiligi mamlakat hayotining hamma sohasida korrupsiya, tamagirlik va poraxo‘rlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, degan fikrni bildirmoqda. Shu bilan birga, so‘rov natijalariga ko‘ra, jamiyatda poraxo‘r­likka nisbatan ikki tomonlama ­axloqiy munosabat ham mavjud: bunday holatni og‘izda qoralash barobarida, ko‘pchilik fuqarolar amalda o‘z muammolarini hal etish uchun pora beradilar. Bu esa aholining huquqiy bilimini oshirish va fuqarolarning ­korrupsiyaning barcha ko‘rinishiga murosasiz munosabatini tarbiyalash ishlarini ­davom ettirishni taqozo qiladi.

So‘rov natijalariga qaraganda, tadbirkorlar, fermerlar, yakka tartibda mehnat faoliyatini olib borayotgan ­fuqarolar tamagirlikka eng ko‘p duch kelishgan. So‘nggi paytlarda bunday ­noqonuniy xatti-harakatlardan voz ­kechib, o‘z muammolarini qonuniy yo‘l bilan hal etishni ma'qul ko‘rayotgan ­fuqarolar soni tobora ortib bormoqda. Bu Xalq qabulxonalari, Yagona ­interaktiv davlat xizmatlari portali vositasida xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish mexanizmi ­joriy qilinishining qanchalik ­samarador ekanligini ko‘rsatmoqda.

 

Eng yaxshi chora — xabardorlik

So‘rov davomida ommaviy axborot vositalari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonini yoritib borish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga nisbatan jamoatchilik fikri aniqlandi. Fuqarolarning ko‘pchiligi — 77,5 foizi ushbu mavzu bilan u yoki bu darajada qiziqadi. Yurtdoshlarimizning mutlaq ko‘pchiligi korrupsiya jinoyatlariga qarshi kurashish haqidagi axborotni davlat telekanallaridan, har to‘rtinchisi nodavlat telekanallardan, har oltinchisi esa davriy ­matbuotdan oladi.

Xulosa o‘rnida aytganda, so‘rov korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha hayotga tatbiq etilayotgan chora-tadbirlarning ­fuqarolar tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatdi. Ularning ishonch bildirishicha, bu ­sa'y-harakatlar mazkur salbiy illatni ­jamiyat hayotidan ildizi bilan yo‘q qilishga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi materiallari asosida
Q. Xidirov tayyorladi.

 

Top