17:07 / 15.01.2016
21641

2015 yilning yozida 2 yo‘lovchi qizni urib ketgan avtobus haydovchisi qamoq jazosidan ozod etildi

2015 yilning yozida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir etilgan YTH hodisasi natijasida ikki nafar qizning o‘limiga sabab bo‘lgan avtobus haydovchisi Hikmat Qodirov sud qaroriga binoan qamoq jazosidan ozod etildi, deb yozadi «Gazeta.uz» inernet-nashri.

2015 yilning 20 avgust kuni Qodirov boshqarib ketayotgan Isuzu rusumli avtobusida boshqa bir avtobusni quvib o‘tishga urinib, yo‘lning ajratib turuvchi chizig‘ida turgan Madina Muratshina (1999 yilda tug‘ilgan) va Yelena Shishkalovani (1996) urib ketgandi. Madina voqea joyida, Yelena esa shifoxonada vafot etgandi.

Manba bergan ma'lumotga ko‘ra, haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha ayblov e'lon qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining yakuniy majlisi 8 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi. Ayblanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, jinoyatni ehtiyotsizlik oqibatida sodir etganini tan olgan.

Sudya Shermuhammad Saidov hukm chiqarish chog‘ida bir qator vaziyatni yumshatuvchi holatlar, jumladan, aybdorning aybiga iqrorligi va pushaymonligi, uning muqaddam sudlanmagani, jinoyatni ehtiyotsizlik oqibatida sodir etgani, shuningdek, oilasining yagona boquvchisi ekanini hisobga olib, Hikmat Qodirovni aybdor deb topdi va unga nisbatan besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etish va uch yil davomida transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish jazolari tayinlandi.

Shu bilan birga, sud O‘zbekiston Respublikasi Senatining 3 dekabrdagi amnistiya haqidagi qarorining 2-bandiga («Ehtiyotsizlik natijasida jinoyat sodir etgan shaxslar [...] ozod qilinsin») asoslanib, ayblanuvchini qamoq jazosidan ozod etish haqida qaror qabul qildi.

«Biz, qizlarning qarindoshlari va yaqinlari, sud hukmidan hayratda qoldik. Ikki yosh qizning o‘limiga sababchi bo‘lgan odam jazosiz qolmoqda. Jabrlanuvchilarning ota-onalari bu hukmni adolatsiz deb hisoblaydi va uning ustidan sudga shikoyat qiladi», — deydi Yelenaning opasi Lyudmila.

Top