16:49 / 17.01.2016
8886

Aleks Fergyuson «Manchester Yunayted»ga qaytish istagini bildirdi

Ser Aleks Fergyuson «Manchester Yunayted» jamoasiga maslahatchi murabbiy sifatida qaytishi mumkin. Bu holat jamoaning hozirgi murabbiyi Lui van Gaal ishdan bo‘shatilib, uning o‘rniga Rayan Giggz jamoani boshqara boshlagan holda yuz beradi. Bu haqda Mirror nashri xabar bergan.

Ayni vaqtda Giggz Lui van Gaalga yordamchilik qilmoqda. Van Gaal ko‘rsatayotgan natijalar esa muxlislar hamda rahbariyaning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Nashrning yozishicha, gollandiyalik mutaxassis "Liverpul"ga qarshi bugun bo‘lib o‘tadigan o‘yinda kerakli natija qayd etilmasa, ishdan bo‘shatiladi.

21 turdan keyin "qizil iblislar" 34 ochko to‘plagan holda APLning turnir jadvalida oltinchi o‘rinda bormoqda. 22 turning shu vaqtgacha o‘tkazilgan o‘yinlaridan keyin «Lester» 44 ochko bilan peshqadamlik qilib turibdi va mankunianlar peshqadamdan 10 ochko ortda qolgan.

Ma'lumot uchun, 74 yoshli mutaxassis Fergyuson «Manchester Yunayted»ni 1986 yildan 2013 yilgacha boshqargan. 2012-13 yilgi mavsum yakunida murabbiy jamoa bilan 13 marta Angliya chempioni bo‘ldi va iste'foga chiqishga qaror qildi. Bundan tashqari Aleks Fergyuson jamoa bilan 2 marta YeChLda g‘olib chiqqan.

Futbolchilik faoliyatini «Manchester Yunayted»ga bag‘ishlagan 42 yoshli sobiq futbolchi Rayan Giggz 2014 yilda (u 24 mavsumni «Manchester Yunayted» safida o‘tkazgan va 672 marta shu jamoa safida maydonga tushgan) butsalarini mixga ilgandi.

Top