18:27 / 22.01.2016
26622

Mashhurlar hayotidan: yumorga chanqoq Albert Eynshteyn

Chinakam daho, ilm-fan olamining yetuk vakili bo‘lgan Eynshteyn o‘zining yumor hissiga chanqoqligi bilan ham ajralib turgan. Bugungi maqolada Eynshteyn hayotida ro‘y bergan turli hodisalar va uning dono fikrlari haqida so‘z boradi.

“Yoshligimda oyog‘imning bosh barmog‘i ertami kechmi paypog‘imni teshib chiqishini payqab qoldim. Shu-shu paypoq kiymay qo‘ydim”. Ha, xuddi shunday! Butun umr paypoq kiymay yurgani olimning g‘alati odatlaridan biridir;

Eynshteyn shunday degandi: “Muvafaqqiyat uch qismdan tashkil topadi: omad, o‘yin va tilni tiyish!”. Tilni tiyishni maslahat bergan olimning eng mashhur suratida esa u tilini chiqargancha turibdi. Bu surat ilm-fan olamida ham o‘ziga xos quvnoqlik borligiga ishora ekanligini olimning o‘zi ta'kidlagan. Surat 1951 yil 14 mart (Albertning tug‘ilgan kuni) da tushirilgan;

Albert Eynshteyn topishmog‘i butun dunyoda mashhurlikka ega. Ajablanarlisi, bu jumboq aynan Eynshteyn tomonidan o‘ylab topilgani haqida hech qanday aniq ma'lumot yo‘q;
Bir safar Eynshteyn poyezdda ketayotib, qorni ochadi. Vagon-restoranga kirgach, menyuni o‘qiy olmaydi, chunki ko‘zoynagi o‘zida emasdi. Ofisiantga yuzlanib, menyuni o‘qib berishni so‘raganida esa ajoyib javobdan lol qoladi: “Kechirasiz, janob! Men ham Siz kabi savodsizman”;

Atom bombasi keltirib chiqargan oqibatlardan qattiq o‘kingan Eynshteyn alam bilan: “Agar bu qilgan ishim nima bilan tugashini oldindan bilganimda, yaxshisi soatsoz usta bo‘lardim!” - degan ekan. U rostdan ham urushni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. Uning yana bir fikri bunga isbot bo‘la oladi: “Insoniyat 3-Jahon urushi paytida qanday qurollar bilan bir-birini halok etishini bilmadim. Lekin aniq bilaman, 4-Jahon urushida ular toshdan yasalgan bolta va to‘qmoqlar bilan jang qiladilar!”. Tinchlikka nima yetsin…

Prinston universitetiga kelgan Eynshteyn o‘z kabinetiga katta sig‘imga ega axlat chelagi qo‘yishlarini iltimos qiladi. “Nega?” - deb so‘rashadi hayron bo‘lib. Olimning javobi esa sodda va lo‘nda bo‘ladi: «Chunki men juda ko‘p xato qilaman!”;

Albert Eynshteyndan so‘rashibdi: “Buyuk fikrlaringizni qanday qilib qayd etib borasiz?” Eynshteynning javobi quyidagicha: “Buyuk fikrlar miyamga ba'zi-ba'zida kelib qoladi, shuning uchun ularni yozib qo‘ymasdan ham eslab qolsa bo‘ladi”;
Eynshteynning ayolidan eri haqida so‘rashibdi: “U daho. U hamma narsaga qodir” - ayol bu gapiga shunday qo‘shimcha qiladi: “pul topishdan boshqa”;

Haligacha odamlar orasida xato bir fikr yuradi. Nima emish, Eynshteyn maktabda yomon o‘qiganmish. Bo‘lmagan gap! Gap shundaki, 1896 yilda u o‘qigan Aarau shahridagi mavjud ta'lim standartlariga ko‘ra, 2 bahosi eng yuqori baho edi. Buni noto‘g‘ri tushungan odamlar esa uni ikkichiga chiqarib qo‘yishadi;

Ezma jurnalistlardan biri Eynshteynga odatiy savolni beradi: “Agar fizik bo‘lmaganingizda qaysi kasbni tanlar edingiz?”. Eynshteyn miyig‘ida kulib: “Albatta, vodoprovodchi!” - deb javob beradi. Qizig‘i, biroz vaqt o‘tib AQSh Vodoprovodchilari Kasaba Uyushmasi Eynshteynni “Faxriy vodoprovodchi” unvoni bilan taqdirlaydi;

Eynshteyn ma'lum muddat ixtirolarga patent beruvchi idorada ishlagan. O‘sha paytda u qiziq bir narsani payqab qoladi. Uning aytishicha, barcha buyuk yangilik va ixtirolar odatda ikki so‘zdan iborat jumladan boshlangan ekan: “BU IMKONSIZ!”.

Aziz o‘quvchi, ishlaringiz yurishmayotgan bo‘lsa, hayotda nimadir Siz o‘ylagandek amalga oshmayotgan bo‘lsa, unda so‘nggi voqeani esga oling! «BU IMKONSIZ EMAS!!”. Omon bo‘ling!!!

Internet ma'lumotlari asosida Bahodir Anorov tayyorladi.

Top