Sport | 16:36 / 13.05.2016
21598
2 daqiqa o‘qiladi

Ruslan Chagayevga WBA jahon chempionligi qaytarib berildi

Butunjahon boks assotsiatsiyasining o‘ta og‘ir vazn toifasida jahon chempioni o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev navbatdagi jangini puertorikalik Fres Okendoga qarshi o‘tkazishi kerak, deya xabar qilmoqda TASS agentligi Chagayev menejyeri Timur Dugazayevga asoslangan holda.

"12 may kuni bizga Braun unvonidan mahrum etilgani va yarim yilga chetlatilgani to‘g‘risidagi uyushma rezolyutsiyasi yetib keldi. Ruslan hozirda Amerikada. Assotsiatsiya bizga Okendo bilan jang shartlarini kelishib olishimiz uchun 3 oy berdi. Ruslanda og‘ir vaznlilar turnirining finaliga chiqish uchun yaxshi imkoniyat bor, shu bois ishlashda davom etish kerak", degan Dugazayev.

WBA o‘ta og‘ir vazndagi jahon chempionligi belbog‘ini Chagayevga qaytargan, uning endilikda sobiq sohibi avstraliyalik Lukas Braun doping iste'mol qilgani uchun olti oyga boksdan chetlashtirilgan. Braunning "B" doping probasi natijasi oshkor qilingach, shunday qaror qabul qilingan edi. 

Braun 5 mart kuni WBA chempionligi uchun Grozniy shahrida bo‘lib o‘tgan jangda o‘zbek boksyori Ruslan Chagayevni 10 raundda texnik nokaut bilan mag‘lub etgan edi. Keyinchalik Braunning o‘yindan keyin topshirgan doping tekshiruvi klenbuterolga ijobiy natija bergan. Avstraliyalik bokschi jangdan oldingi doping tekshiruvi salbiy chiqqaniga asoslangan holda Grozniyga "toza" kelganini ta'kidlagandi. Keyinchalik bokschi, "B" doping idishini ochishni talab qilgan, u ham sportchida taqiqlangan modda borligini isbotlagan edi.