15:36 / 29.02.2016
46256

1 martdan yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalari kuchga kiradi: eng muhim o‘zgarishlar

2016 yilning 1 martidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida yangi tartibdagi yo‘l harakat qoidalari kuchga kiradi. Carzone.uz nashri yangi tartib-qoidalarni yana bir bor eslatib o‘tish maqsadida haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalarga talluqli eng muhim tartib va qoidalarni havola etdi.

1 martdan boshlab haydovchilar:

 - harakatni boshlashdan oldin yo‘lovchilarni harakat vaqtida tanani (qo‘lni chiqarish bunga kirmaydi) avtomobil salonidan tashqariga chiqarish mumkin emasligi haqida ogohlantirishi;

 - yo‘lovchilarga xavfsizlik kamarini taqib olish shartligini aytishi;

- ko‘p qavatli uylar orasida avtomobil tezligini soatiga 30 kilometrdan oshirmasligi;

 - o‘zi bilan birga nur qaytaruvchi nimchalarni olib yurishi;

 - tashkiliy ravishda odam olib ketayotgan, yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobuslar, mikroavtobuslar, shuningdek, mototsikl va mopedlarda kunning yorug‘ paytida harakatlanayotganda ham yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib yurishi;

 - dvigitel ish hajmi 50 santimetr kubdan yuqori, tezligi 50 kilometr soatdan ortiq bo‘lgan kvadrosikl, skuter va elektroskuter kabilarni davlat raqami va haydovchilik guvohnomasisiz boshqarmasligi;

 - «A» toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga o‘qiyotganlarning yoshi o‘qishni bitirish vaqtida 16 yosh, «V» va «S» toifadagi haydovchilik guvohnomasini olishga o‘qiyotganlarning yoshi o‘qishni bitirish vaqtida 18 yosh, «D» va tramvay, trolleybusni boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga o‘qiyotganlarning yoshi o‘qishni bitirish vaqtida 21 yosh bo‘lishi shart.

Piyodalarga esa yo‘lni kesib o‘tayotganda (maxsus ajratilgan joydan) xayolni chalg‘ituvchi vositalar — mobil telefoni va planshetdan foydalanish, quloqchin (naushnik)da musiqa eshitish yoki gazeta, jurnal, kitob o‘qish man etiladi.

Shu bilan birgalikda, Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligini kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi ish boshlash arafasida. Endilikda Toshkent yo‘llarida transport vositasida harakatlanish vaqtida yo‘l harakati qoidalarining buzilishi foto va videofiksatsiya tizimi orqali qayd etilsa, mazkur qoidabuzarlik yuzasidan trasnport vositasi egasi tegishli tartibda jarimaga tortiladi.

Top