Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Tabiat uyg‘onib, gul-chechaklar ochilib, atrof yashil libosga burkanib borayotgan shu kunlarda yasharish va yangilanish fasli bo‘lmish Navro‘zi olam yurtimizga kirib kelishi bilan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklash, barchangizga o‘zimning chuqur hurmat va samimiy tilaklarimni izhor etish – men uchun katta baxtdir.

Navro‘zi olam barchamiz uchun necha ming yillik tarixga ega, ildizlari “Avesto” davrida paydo bo‘lgan, qadimiy, asl milliy, har qanday siyosatdan yiroq, kecha va kunduz teng keladigan sharqona yangi yil bo‘lib, el-yurtimiz tabiatiga, ongu tafakkuri, qalbi-shuuriga chuqur singib ketgan eng sevimli, eng go‘zal bahor bayramidir.

Ayni shu betakror va dilbar faslda ko‘klam nafasi va mayin shabadalar kirib kelishi, kurtaklarning ochilishi bilan inson vujudiga bahor nashidasi yugurgandek bo‘ladi. Barchamiz o‘zimizni yasharib ketgandek, kuch-quvvat, g‘ayrat va shijoatga to‘lgandek sezamiz, o‘zimizni tabiatning uzviy va ajralmas qismi deb his qilamiz.

Ayni shu fayzli, shodiyona damlarda yurtimizning barcha go‘shalarida, qir-adirlar, bog‘u rog‘larda yurtdoshlarimiz sumalak va halim, ko‘ksomsa va go‘ja kabi tansiq taomlar tortilgan dasturxonlar atrofida to‘planib, bu bahor ne'matlarini o‘z oilasi, yaqinlari, do‘stu birodarlari bilan baham ko‘rishga intiladi.

Hech shubhasiz, bunday xursandchilik va sayil-tomoshalarni ko‘pchilik xonadon va mahallalarda, markazda, uzoq va chekka qishloqlarda ko‘rish, kuzatish qiyin emas.

Aholimiz, qaysi millat va elat vakili bo‘lishidan qat'i nazar, bayramona kayfiyatga berilib, bu ajoyib ayyomni katta shodu xurramlik bilan o‘tkazadi, bunday damlarda nafaqat tanish, balki notanish odamlarni ham qutlab, bag‘riga bosib, sog‘lik, baxtu saodat va omad tilashi hech kimni befarq qoldirmaydi, desam, haqiqatni aytgan bo‘laman.

Men ham ayni shu daqiqalardan foydalanib, mana shu muazzam va go‘zal maydonda to‘plangan siz, azizlarga, butun xalqimizga qarata Alisher Navoiy bobomizning tabarruk so‘zlari bilan aytmoqchiman: “Barchangizga Navro‘z bayrami muborak bo‘lsin, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!” degan samimiy tilaklarimni, mehr-izzatimni qabul qilishingizni so‘rayman.

Qadrli do‘stlar!

Navro‘zning o‘lmas ruhi va qadriyatlari avlodlardan-avlodlarga bezavol o‘tib kelmoqda, oradan qancha yillar, zamonlar o‘tmasin, bu g‘oya va odatlar bugungi kunlarda ham xalqimizning ongu tafakkurida chuqur iz qoldirib, kuchayib bormoqda.