19:13 / 22.03.2016
2212

Sapyorlar Bryusselda shubhali avtomobilni portlatib yuborishdi

Belgiya qurolli kuchlari sapyorlari Bryussel shahrida teraktlardan keyin tozalash ishlarini davom ettirishmoqda.

RIA Novosti agentligining l'avenir.net portaliga asoslanib xabar tarqatishicha, Bryussel universiteti va politsiya kazarmasi yaqinidagi general Jaka xiyoboni hududida turgan avtomobil sapyorlar tomonidan shubhali obekt sifatida portlatilgan.

22 mart kunining birinchi yarmida poytaxtda sodir etilgan teraktlardan keyin harbiylar shahar bo‘ylab aniqlangan shubhali buyumlar va obektlarni portlatib yo‘q qilish operatsiyasini olib borishmoqda. Shaharliklar portlash ovozlarini yangi teraktlar sifatida qabul qilmasligi uchun oldindan portlash haqida ogohlantirilmoqda.

Mahalliy nashrlarda teraktga aloqadorlikda gumon qilinib, 2 kishi qo‘lga olingani haqida xabar berilgan. Politsiya ularni o‘zini shubhali tutishgani uchun ushlagan. Ayni vaqtda ularni tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, aeroport va metro bekatlarida sodir etilgan portlashlar tufayli 34 kishi halok bo‘lgan va 200ga yaqin kishi jarohatlangan.

Top