O‘zbekiston | 09:58 / 27.04.2016
5343
2 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimovning Rossiyaga rasmiy tashrifi yakunlandi

Islom Karimovning Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifining asosiy tadbirlari 26 aprel kuni Kremlda bo‘lib o‘tdi. Islom Karimov va Vladimir Putinning uchrashuvida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, harbiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Islom Karimov ushbu tashrif o‘zaro aloqalar rivojiga yangi sur'at bag‘ishlashini, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan har tomonlama fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini alohida ta'kidladi.

Vladimir Putin O‘zbekiston Rossiyaning strategik hamkori va ishonchli ittifoqchisi ekanini, bu munosabatlar yanada mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etdi.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Afg‘oniston muammosi, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuvda O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e'tibor qaratildi. Vladimir Putin O‘zbekiston tomonidan ShHTning iyun oyida Toshkentda bo‘ladigan sammiti muhokamasiga kiritilishi mo‘ljallanayotgan tashabbuslarni Rossiya tomoni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.

Muzokarada mamlakatimizda yetishtirilgan meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko‘paytirish va turini kengaytirishga kelishib olindi.

Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport va tranzit sohasidagi aloqalarni kengaytirishga doir masalalar muhokama qilindi. Tomonlar madaniyat, ilm-fan, ta'lim, sport va turizm sohalari bo‘yicha o‘zaro aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida madaniy-gumanitar, tashqi siyosat, oliy ta'lim, jismoniy tarbiya va sport kabi qator sohalarda hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.