Unutilgan asirlar: fashistlar tomonidan Niderlandiyada o‘ldirilgan o‘zbeklar kim edi?
Ular nemis armiyasiga qarshi kurashish maqsadida Markaziy Osiyodagi o‘z uylarini tashlab kelishgan. So‘ngra asirga tushishgan va juldur ust-boshli bu askarlarni Niderlandiyada joylashgan konslagerga jo‘natishgan. Hozir hayot bo‘lganlarning juda kam qismi hollandlarning Amersfort shahri yaqinida otib tashlangan 101 nafar o‘zbekni eslaydi. Agar sinchkov holland jurnalisti bo‘lmaganida, ular haqidagi xotira umuman yo‘q bo‘lib ketar edi, — deb yozadi BBC.
Har bahor yuzlab hollandlar — eru-xotinlar, yoshlar va qariyalar Utrextdan uncha uzoqda bo‘lmagan Amersfort o‘rmonida yig‘ilishadi.
Bu yerda ular natsistlar tomonidan otib tashlangan, so‘ngra yarim asrdan ziyod vaqt unutib yuborilgan 101 sovet askari xotirasiga chiroq yoqishadi.
Bu voqea 18 yil oldin ma'lum bo‘lgan edi. O‘shanda holland jurnalisti Remko Reyding Rossiyada bir necha yil ishlaganidan so‘ng Amersfortga keladi. U do‘stidan shahardan nariroqdagi sovet jangchilari qabristoni haqida eshitib qoladi.
«Men taajjubga tushdim, chunki shu vaqtgacha u haqida umuman eshitmagan edim. — deya hikoya qiladi Reyding. — Men qabristonga bordim, guvohlarni axtarib, arxivlardan materiallar to‘play boshladim».
Aniqlanishicha, bu joyda 865 nafar sovet jangchisi dafn etilgan ekan. 101 nafar askardan boshqa jasadlar Germaniya yoki Hollandiyaning boshqa hududlaridan keltirilgan ekan.
Biroq 101 askar — ularning hammasining ismi noma'lum — Amersfortning o‘zida otib tashlangan.
Ularni Germaniya sovet ittifoqi hududiga bostirib kirganining dastlabki haftalarida Smolensk ostonasida asirga olishgan va natsistlar tomonidan okkupatsiya qilingan Niderlandiyaga propaganda maqsadlarida jo‘natishgan.
«Ular ataylab, natsistik g‘oyalarga qarshilik qilayotgan hollandlarga ko‘rsatish uchun osiyocha ko‘rinishga ega bo‘lgan askarlarni yig‘ib olishgan, — deydi Reyding. — Natsistlar ularni untermenschen — chala inson deb atab, hollandlar bunday sovet fuqarolarini ko‘rsa nemislar taraf bo‘lib qoladi, deb o‘ylashgan».
Amersfort konslagerida nemislar holland kommunistlarini ushlab turishardi — nemislar aynan o‘shalarning sovet kishilari haqidagi fikrini o‘zgartirishni maqsad qilishgandi. Ular asirlarni 1941 yil avgustidan boshlab mahalliy yahudiylar bilan birga ushlab turishgan, so‘ngra ularning barchasini boshqa lagerlarga jo‘natmoqchi bo‘lib turishgan.
Lekin reja ish bermagan.
91 yoshli Henk Brukhauzen — haligacha tirik bo‘lgan kamsonli guvohlardan biri. U o‘spirinlik paytida shaharga sovet asirlarini qanday haydab kelishganini eslaydi.
«Ko‘zimni yumsam ularning zo‘rg‘a oyoq sudrab kelayotgani yuzlari ko‘z oldimda gavdalanaveradi, — deya hikoya qiladi u. — Uvada bo‘lib ketgan ust-boshda ular hattoki askarlarga ham o‘xshashmasdi. Ularning faqat yuzlarini ko‘rish mumkin edi».
«Natsistlar ularni odamlarga namoyish qilib, shaharning bosh ko‘chasi bo‘ylab, vokzaldan konslagergacha yetaklashdi. Ularning jussalari kichik va nimjon edi, oyoqlariga turli lattalarni bog‘lab olishgandi. Ba'zilari zo‘rg‘a oyoq bosar, yonidagi sheriklari suyab kelishardi», — deb hikoya qiladi Brukhauzen.
Ba'zi bir asirlar yo‘lovchilarga qarab, imo-ishora qilib, och ekanliklarini bildirardi.
«Biz ular uchun biroz non va suv olib keldik, biroq natsistlar ularni qo‘limizdan urib tushirishdi, — deb eslaydi Brukhauzen. — Nemislar asirlarga yordam berishimizga yo‘l qo‘yishmadi».
Brukhauzen bu asirlarni boshqa umuman uchratmagan va ular bilan konslagerda nima voqealar ro‘y berganidan bexabar.
Reyding holland arxivlaridan materiallar yig‘ishni boshlab yuboradi.
Uning aniqlashicha, asirlarning aksariyati o‘zbeklar bo‘lgan ekan. Lager rahbariyati toki SSning ruscha gapira oladigan ofitseri kelib, ularni so‘roqqa tutgunga qadar bundan bexabar bo‘lgan.
Reydingning aniqlashicha, ularning ko‘p qismi Samarqanddan bo‘lgan. «Ehtimol, ulardan ba'zilari qozoq, qirg‘iz yoki boshqird bo‘lgandir, biroq katta qismi o‘zbek bo‘lgan», — deya aniqlik kiritadi u.
Reyding, shuningdek, lagerda markaziy osiyolik asirlarga lagerda boshqalardan ko‘ra yomonroq munosabatda bo‘lishganini ham aniqlagan.
«Dastlabki uch kunda o‘zbeklarni lagerda ovqatsiz, ochiq osmon ostida, simtikan bilan o‘ralgan hududda saqlashgan», — deydi jurnalist.
«Nemis s'yomka guruhi bu «varvarlar va chala insonlar» ovqat uchun bir-birining go‘shtini yeyishini suratga olishga tayyorlangan. Bu sahna ko‘rinishi propaganda uchun kerak bo‘lgan», — deya tushuntiradi Reyding.
«Natsistlar och o‘zbeklar oldiga bir buxanka non tashlaydi. Nemislarni taajjubda qoldirib, asirlardan biri nonni oladi va qoshiq bilan teng bo‘ladi. Boshqalari sabr bilan kutishadi. Hech kim urushmaydi. So‘ng teng bo‘lingan nonni yeyishadi. Natsistlarning hafsalasi pir bo‘ladi», — deydi jurnalist.
Lekin asirlar uchun eng yomoni hali oldinda edi.
«O‘zbeklarga lagerdagi boshqa asirlarga beriladigan xo‘rakning yarim porsiyasi berilardi. Kimdir ovqatini o‘zbeklar bilan bo‘lishmoqchi bo‘lsa, jazo uchun butun lager ovqatsiz qoldirilardi», — deya hikoya qiladi o‘zbek tarixchisi Bahodir Uzoqov. U Niderlandiyaning Gauda shahrida yashaydi va u ham Amertsfortdagi lager tarixi bilan shug‘ullanadi.
«O‘zbeklar ovqat qoldiqlari va kartoshka po‘stlog‘ini yeyishganda, natsistlar ular cho‘chqalarning yemini yegani uchun kaltaklashardi», — deydi u.
Reyding arxivlardan topib olgan, lager soqchilarining va asirlarning xotiralariga ko‘ra, lagerda o‘zbeklarni doim kaltaklab turishgan va lagerdagi eng og‘ir ishlar buyurilgan: masalan, qahraton sovuqda og‘ir g‘ishtlar, qum solingan qoplar yoki g‘o‘lalarni tashitishgan.
Arxiv ma'lumotlari Reyding tomonidan yozilgan «Sharafli maydon farzandlari» kitobi uchun asos bo‘lgan.
Reyding tomonidan aniqlangan dahshatga soluvchi voqealardan biri — lagerda ishlagan vrach Nikolas van Nyuvenhauzen haqida hikoya qiladi.
Ikki o‘zbek o‘lib qolgach, u boshqa asirlarga murdalarning boshini tanasidan judo qilib, bosh chanog‘i top-toza bo‘lgunga qadar qaynatishni buyuradi, deydi Reyding.
«Vrach bu bosh chanoqlarini o‘rganish uchun o‘zining yozuv stoli ustiga joylashtiradi. Qanday bedodlik!» — deydi Reyding.
Ochlik va og‘ir mehnatdan sillasi qurigan o‘zbeklar sichqon, kalamush va o‘t-o‘lanlarni yeya boshlashadi. Ulardan 24 nafari 1941 yilning qahraton qishiga dosh bermaydi. Qolgan 77 nafari biror ishga yaramay, shunchalik zaiflashib qoladiki, ularning keragi bo‘lmay qoladi.
1942 yilning aprel oyi kunlaridan birida, erta tongda asirlarga Fransiya janubiga, issiqroq lagerga jo‘natilishlarini aytishadi.
Aslida esa, ularni yaqinroqdagi o‘rmonga eltib, otib tashlashadi va hammasini bitta chuqurga ko‘mishadi.
«Ularning ba'zilari yig‘lar, ikkinchilari sherigini qo‘lini mahkam siqib, o‘z o‘limiga tik qarab turardi. Qochishga uringanlarini nemis askarlari quvib yetib otib tashlashadi», — deydi Reyding, otuvning guvohi bo‘lgan soqchilar va haydovchilarning xotiralariga asoslanib.
«Faraz qiling, siz muazzin azon aytib, namozga chorlovchi, shamol qum va changni uchirib bozor maydonida o‘ynatuvchi, ko‘chalardan turli noz-ne'matlarning hidi anqib turgan o‘z vataningizdan 5 ming kilometr naridasiz. Siz o‘zingizga begona yurt tilini bilmaysiz, ular esa sizni tushunishmaydi. Siz nega bu insonlar sizga hayvonga qilinadigan muomalani qilishayotganini tushunmaysiz».
Bu asirlarning shaxsini aniqlashtiruvchi ma'lumot juda kam. Natsistlar 1945 yilning mayida chekina turib, lager arxiviga o‘t qo‘yishgan.
Ikki erkak tasvirlangan faqat bitta fotosurat saqlanib qolgan, lekin ularning ismi yozilmagan.
Holland asiri tomonidan qo‘lda chizilgan to‘qqizta suratdan ikkitasida ismi ham yozilgan.
«Ismlar noto‘g‘ri yozilgan, lekin ohangidan o‘zbek ism-familiyalariga o‘xshaydi», — deydi Reyding.
«Bir ism Kadiru Xatam, ikkinchisi Muratov Zayyer deb yozilgan. Aslida birinchi ism - Qodirov Hotam, ikkinchisi — Murotov Zoir bo‘lsa kerak».
Men o‘zbek ismlari va ularning osiyocha ko‘rinishini darhol tanib olaman. Qo‘shilib ketgan qoshlar, mehribon ko‘zlar, yarim aslzoda yuz ko‘rinishlari — bularning barisi mening mamlakatimda chiroyli deb hisoblanadi, — deydi Bahodir Uzoqov.
Bu portretlar yosh yigitlarniki, ko‘rinishidan ular 20 yoshlar atrofida yoki yoshroq ham bo‘lishi mumkin.
Ehtimol, ularning onalari kelin topib qo‘ygan, otalari esa to‘y uchun jonliq boqayotgan bo‘lgandir. Bu orada esa urush boshlangan.
Balkim ularning orasida mening ham qarindoshlarim bo‘lgandir. Mening ikki amaki bobom va rafiqamning bobosi urushdan qaytmagan.
Ba'zan menga bobolarimiz nemis qizlariga uylanib, Yevropada qolishga qaror qilishgan, deb aytishardi. Bu cho‘pchaklarni buvilarimiz o‘zini xotirjam qilish uchun o‘ylab topishgan, albatta, — deydi Bahodir Uzoqov.
Urushda jang qilgan 1,4 million o‘zbekdan uchdan biri urushdan qaytmagan va kamida 100 ming nafari bedarak ketgan, deb hisoblanadi.
Nega Amersfortda otilgan o‘zbek askarlaridan o‘sha ismi ma'lum ikkitasidan boshqalari shu vaqtgacha tanib olinmagan?
Bosh sabablardan biri — ikkinchi jahon urushi o‘rnini egallagan va G‘arbiy Yevropa hamda SSSRni g‘oyaviy dushmanlarga aylantirgan sovuq urush.
O‘ldirilgan o‘zbek askarlarini avvaliga birodarlik qabristonidan, oddiy qabristonga, so‘ngra sovet jangchilari uchun ajratilgan maxsus qabristonga olib o‘tishgan.
Reyding esa taslim bo‘lmoqchi emas: u otib tashlanganlarning ismlarini o‘zbek arxivlaridan qidirib ko‘rmoqchi.
«Tirik qolgan yoki sovet hukumatida o‘limi haqida biror ma'lumot bo‘lmagan sovet askarlari haqidagi hujjatlar, KGBning mahalliy bo‘linmalariga jo‘natilgan. Aftidan, 101 nafar o‘zbek askari haqidagi ma'lumotlar O‘zbekiston arxivlarida saqlanayotgan bo‘lishi mumkin», — deydi Reyding.
«Agar ularga ruxsat ololsam, ulardan ba'zilarini aniqlay olishim mumkin», — deya o‘ziga ishonmoqda Remko Reyding.
Mavzuga oid
00:20 / 10.12.2024
Niderlandiyada ichki chegara nazorati joriy etiladi
20:40 / 06.12.2024
G‘ayrat Fozilov Niderlandiya qiroliga ishonch yorliqlarini topshirdi
23:41 / 03.12.2024
Yevropa Ittifoqining yana bir davlati majburiy harbiy xizmatni qayta tiklashi mumkin
16:33 / 25.11.2024