O‘zbekiston | 18:09 / 11.04.2023
8046
3 daqiqa o‘qiladi

XDP: Davlatning xalqimiz oldidagi majburiyatlari ortishi biz uchun prinsipial ahamiyatga ega

Foto: Xalq demokratik partiyasi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi navbatdagi targ‘ibot tadbirini Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri maydonida o‘tkazdi. Unda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, qonunchilik sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, unga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Sirdaryo aholisini ham befarq qoldirmayapti. Shu sababdan Yangilanayotgan Konstitutsiya mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirida yuzlab fuqarolar ishtirok etishdi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Maqsuda Vorisova endi davlatni emas, insonni, uning huquqlari kafolatini oliy maqsadga ko‘tarishga e’tibor qaratilayotgani, Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasidagi yangi normalar “inson-jamiyat-davlat” konsepsiyasiga amal qilingan holda ishlab chiqilgani, Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oyalari ham inson himoyasi, huquqlar va imkoniyatlar tengligi bilan bog‘liqligi, shuning uchun partiya Konstitutsiyaga takliflar berishga katta mas’uliyat bilan yondashganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Xususan, tibbiyot sohasidagi islohotlar inson qadri uchun, inson manfaatlari uchun ekanligi yangilanayotgan Konstitutsiyada o‘z ifodasini topgan. Bosh qomusimizda 48-modda bilan har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi, davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifalari qatoridan joy olmoqda. 79-moddada davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yilmoqda. 

Ochiq osmon ostidagi tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida davom etmoqda.

Xalq demokratik partiyasi axborot xizmati

Mavzuga oid