15:30 / 14.11.2017
11991

Abdulla Aripov Yevropadagi 200ta kompaniya vakillari oldida nutq so‘zlaydi

Foto: UzDaily

Abdulla Aripov boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasining Germaniyaga rasmiy tashrifi yuzasidan Nemis sharqiy iqtisodiyoti qo‘mitasi saytida maxsus maqola e'lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

«2016 yilda mamlakat rahbari o‘zgargan Markaziy Osiyoning ushbu davlati Jahon Banki tomonidan e'lon qilingan «Doing Business Report 2018» hisobotida eng yaxshi o‘ntalik qatoridan joy olgan», deyiladi maqolada. Qo‘mita 30 milliondan ortiq aholi istiqomat qiluvchi O‘zbekiston diyorini nemis sarmoyadorlari uchun ajoyib imkoniyat, deya baholaydi.

Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi tarqatgan xabarga ko‘ra, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 14 noyabr kuni Myunxen shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Sharqiy Yevropaga ahamiyat - biznes bilan muloqot» konferensiyasida ilk marta nemis tadbirkorlar doirasi oldida nutq so‘zlaydi. Unda 200ga yaqin Sharqiy Yevropa va Germaniyada faoliyat yuritayotgan kompaniya vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbirni Bavariya Iqtisodiyot vaziri Ilze Aygner ochib berishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston bosh vaziri 15 noyabr kuni Bavariya poytaxtida bo‘lib o‘tadigan «O‘zbek-Nemis biznes forumi»da ishtirok etadi.

Tadbirlarning asosiy markazida O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va Yevropa sarmoyasini jalb etishga qaratilgan.

Mavzuga oid
Top