O‘zbekiston | 16:33 / 09.02.2021
14234
1 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim vaziri Qo‘qon davlat pedagogika instituti rahbariyatiga vaziyatni o‘zgartirish uchun bir oy muhlat berdi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov Farg‘onaga xizmat safari davomida hududdagi boshqa oliy ta'lim muassasalari qatori Qo‘qon davlat pedagogika institutida ham bo‘lib, o‘quv jarayonlari va talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Foto: kspi.uz

Vazirlik xabariga ko‘ra, institut moddiy-texnik bazasining ahvoli, auditoriyalarning jihozlanishidan tortib talaba-yoshlarga sifatli ta'lim olish uchun zarur sharoitlar yaratilmagani, shuningdek, ushbu muammolarni bartaraf etish uchun institutda moliyaviy imkoniyat bo‘lsa-da, rahbarlar tomonidan tashabbus ko‘rsatilmasligi vazir e'tiroziga sabab bo‘ldi. 

“Vazir institut faoliyati bilan tanishar ekan, bir qarashda ko‘rinib turgan masalalar: kafedralardagi aksariyat kompyuterlar yaroqsiz holga kelib qolgani, axborot resurs markazi 2013 yildan buyon talab darajasida adabiyotlar bilan yangilanmagani, qariyb o‘n yil oldingi o‘quv reja va dasturlardan foydalanilayotgani, rektordan boshlab qolgan barcha rahbarlar esa bu muammolarni ko‘rmaganini keskin tanqid qildi”, - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Qo‘qon davlat pedagogika instituti rahbariyatiga institutdagi mavjud vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun bir oy muhlat berildi.

Mavzuga oid