“Uzdunrobita”dagi jinoiy guruh iqtisodiyotga yarim trillion so‘mdan ko‘proq zarar keltirgan


“MTS-O‘zbekiston” ofisi © delovoygorod.com

Iyun oyida xalqaro qidiruvga berilgan “Uzdunrobita” xorijiy korxonasi bosh direktori Behzod Ahmedov kompaniyaning boshqa yuqori mansabdor vakillari bilan ham jinoiy til biriktirgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar bermoqda.

2008-2011-yillardagi alohida shartnomalarning o‘rganib chiqilishi natijasida “Uzdunrobita”ning korporativ rivojlanish bo‘yicha direktori A. Mirzamo‘ydinov va boshqalar Behzod Ahmedov bilan hamkorlikda jinoiy guruh tuzib, texnologik qurilmalar va boshqa ashyolarni sotib olish uchun soxta kelishuvlar imzolab, shu yo‘l bilan korxona xarajatlarini oshirib, o‘z navbatida, uning daromadlarini kamaytirib, 2 milliard 125 million so‘m miqdoridagi soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagani aniqlangan.

Bundan tashqari, “Uzdunrobita” qoshida tashkil etilgan sho‘ba tuzilmasi direktor o‘rinbosari R. Ergashev hamda uning o‘g‘li – “Uzdunrobita” rouming departamenti direktori B. Ergashev ham kuyovlari – Behzod Ahmedov tomonidan tashkil etilgan jinoiy guruh a’zolari hisoblanishgan. Bosh prokuratura keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, yuqorida nomlari zikr etilgan shaxslar 2010-2011-yillarda soliq idoralariga topshiriladigan hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan (bu bilan – xodimlar soni sun’iy ravishda kam qilib ko‘rsatib, ular kichik korxonalarga beriladigan imtiyozlardan noqonuniy ravishda foydalanmoqchi bo‘lishgan), 5 milliard 944,6 million so‘mlik soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lashmagan.

Shu munosabat bilan, 2012-yilning 11-iyul kuni A. Mirzamo‘ydinovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-bandi va boshqa moddalariga asosan ayblov e’lon qilinib, gumondor hibsga olingan. Shuningdek, 12-iyul kun ota-bola Ergashevlarga ham sirtdan 184-moddaning 3-bandi va boshqa moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilib, ayni vaqtda ular xalqaro qidiruvga berilgan.

Bosh prokuraturaning xabarida yozilishicha, “Uzdunrobita” MCHJ XK va uning sho‘basida yuqori mansabdor o‘rinlarni egallab, jinoiy guruh tuzganlarning harakatlari natijasida daromadlarni yashirib, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashning o‘zi natijasida 500 milliard so‘mdan ko‘proq zarar yetkazilgan. Ayni vaqtda kompaniya va uning filiallarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish ishlari davom etmoqda.

Avvalroq bir qator nashrlarda xalqaro qidiruvga berilgan kompaniya bosh direktori Behzod Ahmedov qo‘lga tushirilgani haqida xabarlar berilgandi. Biroq bu xabarlar rasman tasdiqlanmagan edi. Bosh prokuraturaning “MTS-O‘zbekiston” faoliyatiga doir so‘nggi xabarida ham bu borada ma’lumot berilmagan.

Bosh prokuratura “Uzdunrobita” kompaniyasiga nisbatan jinoiy ish ochgani haqida ilk bor 2012-yilning 27-iyun kuni ma’lum bo‘lgandi. Bundan avvalroq esa Davlat aloqa inspeksiyasi “MTS-O‘zbekiston” mamlakatning turli hududlarida bir necha o‘nlab tayanch stansiyalaridan noqonuniy ravishda foydalanayotganini ma’lum qilgandi.

© 2012 - 2014 Kun.uz
Ахборотдан фойдаланганда Kun.uz’га манба кўрсатиш шарт.
№0987 сонли ОАВ (веб-сайт) давлат рўйхатидан ўтказилганлиги тўғрисидаги гувоҳнома.

Система Orphus