“MTS-O‘zbekiston”ning Samarqand filiali rahbariga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilindi

Bosh prokuratura xabariga ko’ra, “MTS-O’zbekiston” bosh direktori Behzod Ahmedovning Moskvadagi uyi © prokuratura.uz

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy sayti xabariga ko‘ra, “O‘zdunrobita” XK (“MTS-O‘zbekiston”)ning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Bosh prokuratura saytida yozilishicha, “MTS-O‘zbekiston”ning hududiy filiallari “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonunni buzib, faqatgina kompaniya bosh ofisi uchun berilgan litsenziya asosida faoliyat olib borgan. Natijada 2008-2012-yillar davomida litsenziyalar olish uchun davlat bojlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash oqibatida davlatga 418 milliard 266,1 million so‘m zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, “MTS-O‘zbekiston” bosh direktori hamda kompaniyaning boshqa rahbar shaxslari yetkazib berilgan mahsulot, ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgani hoda, alohida yuridik shaxs hisoblangan hududiy filiallari orqali 306 milliard 683 million so‘mlik mahsulot yetkazib berish, xizmat ko‘rsatishni amalga oshirishgan.

Bosh prokuratura “MTS-O‘zbekiston”ning viloyatlardagi filiallarida ham soliq qonunchiligi buzilishi holatlarini aniqlagan. Xususan, 2008-2011-yillar davomida “O‘zdunrobita”ning Samarqand filiali boshlig‘i S. Rahimov, prokuraturaning aniqlashicha, bosh ofis rahbarlari bilan til biriktirgani holda, xodimlarning bir qismini maxsus tashkil etilgan firmalarga kiritib, shu yo‘l bilan kichik korxonalarga beriladigan imtiyozlardan foydalangan. Buning natijasida 34 milliard 628,3 million so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlangan.

Umuman, Samarqand filialida soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash natijasida 64 milliard 673,4 million so‘m, litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatganlik natijasida 55 milliard 15,1 million somlik zarar yetkazilgan. Shu munosabat bilan, Jinoyat kodeksining qator moddalari bo‘yicha ayblanuvchi sifatida ko‘rilayotgan S. Rahimovga nisbatan 2012-yilning 23-iyul kuni xalqaro qidiruv e’lon qilingan.

Shuningdek, Bosh prokuraturaning aniqlashicha, “MTS”ning ishchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan “MTS-O‘zbekiston” rahbarlari – B. Ahmedov, T. Alimov, A. Mirzamo‘ydinov va boshqalarga oylik maosh ko‘rinishda Moskva tiklanish va taraqqiyot bankidagi hisob raqamlarga 5,4 million dollar o‘tkazib berilgan. Bundan tashqari, B. Ahmedovga bonus sifatida Moskvaning Rublyovo-Uspenskiy ko‘chasiga yaqin joyda dang‘illama uy xarid qilingan.

“Tergovning taxminiga ko‘ra, O‘zbekiston soliq organlaridan yashirilgan bu kabi doimiy to‘lovlar va qimmatbaho sovg‘alar noqonuniy daromadlarni olib chiqish va nazoratsiz daromadni qo‘lga kiritishga yo‘naltirilgan noqonuniy iqtisodiy sxemalarni amalga oshirishdagi ishtiroki uchun sho‘ba korxonasining top-menejerlariga berilgan noqonuniy rag‘batlantirish choralaridir”, – deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Press-reliz so‘nggida, “MTS-O‘zbekiston” bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Radik Dautov, advokatlarining bir necha iltimoslari, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi hamda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi murojaatlariga asosan, 2012-yilning 1-avgust kuni qamoqdan ozod qilingani ta’kidlangan. “Gazeta.uz”ning “MTS” matbuot xizmatiga asoslanib tarqatgan xabariga ko‘ra, kompaniya “o‘z xodimlarining huquqlarini himoya qilishda davom etadi va qolganlarning ham qamoqdan ozod qilinishiga erishishga harakat qiladi”.

© 2012 - 2014 Kun.uz
Ахборотдан фойдаланганда Kun.uz’га манба кўрсатиш шарт.
№0987 сонли ОАВ (веб-сайт) давлат рўйхатидан ўтказилганлиги тўғрисидаги гувоҳнома.

Система Orphus