15:00 / 26.01.2018
12503

Tramp Davos yig‘ilishida Falastinga tahdid qildi

Foto: Reuters

Shveytsariyada Davos xalqaro iqtisodiy forumining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Unda qatnashayotgan AQSh prezidenti Donald Tramp navbatdagi chiqishi bilan barchaning diqqatini o‘ziga qaratdi.

U Isroil bilan tinchlik o‘rnatishga harakat qilmas ekan Falastinga yordam berishni to‘xtatib qo‘yishi mumkin ekanini ta'kidlagan. Bunga sabab qilib, falastinliklar AQSh vitse-prezidenti Mayk Pensni qabul qilishdan bosh tortganini keltirdi.

Dekabrda Isroilda bo‘lgan Pens Falastin rahbarlari bilan uchrashmoqchi bo‘lgandi, lekin Falastin Trampning Quddusni Isroil poytaxti deb tan olganiga isyon tarzida Amerikalik siyosatchini qabul qilmasligini ma'lum qilgandi.

«Ular bizning ajoyib vitse-prezidentimizni qabul qilishdan bosh tortib, AQShni haqorat qilishdi. Nima, biz shunday holatda ham ularga iqtisodiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishimiz kerakmi? Biz berayotgan pullar Falastinda tinchlik tiklanishi uchun ishlatilayotgani yo‘q. Isroil esa mintaqada tinchlik o‘rnatishga urinmoqda», deya Trampning so‘zlarini keltiradi Reuters.

AQSh bu oyda Falastinga ko‘rsatilayotgan yordam miqdorini 125 million dollardan 65 million dollarga tushirib qo‘yishi mumkin. Trampning aytishicha, u Iyerusalimni to‘liqligicha Isroil poytaxti deb tan olgani uchun Isroil qandaydir to‘lovni amalga oshiradi: «Bu juda yaxshi ish bo‘ladi» degan Tramp gap nima haqida ketayotganini ochiqlamay.

Mavzuga oid
Top