08:53 / 04.04.2017
50019

Peterburgdagi portlashni qozog‘istonlik sodir etgani aytildi, Qozog‘iston munosabat bildirdi

Foto: RIA

Sankt-Peterburgdagi metro portlashiga Qozog‘iston fuqarosining aloqasi borligi haqida gapirishga hali erta. Mamlakatning 22 yoshli fuqarosi Maksim Arishevni qidirish ishlari davom etmoqda. U portlash paytida metroda bo‘lgan hamda voqeadan so‘ng aloqaga chiqmay qo‘ygan. Bu haqda Qozog‘iston tashqi siyosat idorasi matbuot kotibi Anuar Jaynakov Facebook’dagi sahifasida yozdi.

Shu tariqa Jaynakov ba'zi OAVning Sankt-Peterburgda 3 aprel kuni uyushtirilgan terakt Qozog‘iston fuqarosi tomonidan amalga oshirilgani haqidagi xabarlariga izoh berdi. Avvalroq qator OAV Qozog‘iston fuqarosi tanasidagi jarohatlar u portlash markazida bo‘lganidan dalolat berishi, shu sababdan tergov u teraktga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida shubhaga borgani haqida xabar bergandi. Shu bilan birga talabalik guvohnomasi va pasport ham topildi. RIA Novosti’ning huquqni muhofaza qilish organlarigdagi manbaga tayangan holda xabar qilishicha, portlash markazida O‘rta Osiyodan bo‘lgan shaxs jasadi topilgan, biroq uni terrorchi deb atashga hali erta.

Qozog‘iston TIV matbuot kotibi esa portlash qurbonlari orasida hozircha mamlakat fuqarolari yo‘q ekanini xabar qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, OAV taqdim etgan suratlardagi yigit Arishev emas.

Jaynakovning aniqlik kiritishicha, Qozog‘istonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuliga Olmaotadan bo‘lgan Irina Arisheva qo‘ng‘iroq qilib, portlash sodir bo‘lganidan so‘ng o‘g‘li – 1996 yilda tug‘ilgan Arishev Maksim Vitalevich aloqaga chiqmay qo‘yganini xabar qilgan. Arishev Sankt-Peterburgda o‘z sevgilisi va qarindoshlari bilan birga istiqomat qiladi. Qarindoshlarining ma'lumotiga ko‘ra, Maksim so‘nggi bor 3 aprel kuni 14:30da aloqaga chiqib, universitetdagi darslardan so‘ng Sennaya ploshchad bekatidan Texnologicheskiy institut orqali uyiga qaytayotganini xabar qilgan.

"O‘ylashimcha, Maksim Arishevning Sankt-Peterburgdagi teraktga aloqadorligi haqida gapirishga hali erta. Uni qidirish ishlari davom etmoqda", - deya ta'kidlab o‘tdi TIV matbuot kotibi.

Janakov halok bo‘lganlarning yaqinlariga o‘z ta'ziyasini izhor etgan.

Mavzuga oid
Top