00:14 / 22.02.2017
16372

Yangi farmon: O‘zbekistonda Sudyalar oliy kengashi tashkil etiladi

21 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi.

Farmonda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tartibini yanada takomillashtirish zarurligi haqida so‘z boradi. Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi aniq huquqiy maqomga ega emasligi, o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi va cheklangan vakolatlarga egaligi aytiladi.

Shunga muvofiq yangi qabul qilingan farmonda sudyalar hamjamiyatining organi hisoblanadigan va O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta'minlashga ko‘maklashadigan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etilishi belgilab qo‘yildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi tugatilib, uning 21 nafar bo‘shayotgan ijro apparati shtat birligi Kengashga o‘tkazilsin”, deyiladi farmonda.

Tuzilayotgan Kengashning asosiy vazifalari etib belgilab berilgan:

- sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlash, malakali va mas'uliyatli mutaxassislar orasidan sudyalarni tayinlash, shuningdek rahbar sudyalik lavozimlariga ko‘rsatish uchun tavsiya berish yo‘li bilan sudyalar korpusini shakllantirish;

- sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;

- sudyalarni kasbiy tayyorlash, malakasini oshirishni tashkil etish, ularning faoliyati samaradorligini baholash, shuningdek sudyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish;

- ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik olib borish, aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, sudyalar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi masalalari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish;

- sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini ta'minlash, odil sudlovga erishish darajasini va uni amalga oshirish sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash;

- sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish, shuningdek, ularni jinoiy va ma'muriy javobgarlikka tortishga xulosa berish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish. 

Farmonda keltirilishicha, Kengash raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan tayinlanadi. Bundan tashqari, o‘n bir nafar a'zo Kengash raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Kengash a'zosi lavozimidagi davrida sudyalik maqomi saqlangan holda sudyalar orasidan tasdiqlanadi. To‘qqiz nafar a'zo esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan tasdiqlanadi.

Mavzuga oid
Top