O‘zbekiston | 08:15 / 10.08.2017
33536
4 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘iston kengliklarida qulonlar paydo bo‘ldi

Foto: Qoraqalpog‘iston axborot agentligi

XIX asrda O‘zbekistonning Ustyurt kengliklarida ko‘p sonda uchragan turkman qulonlari XX asrning 30-yillariga kelib butunlay qirilib-yo‘qolib ketgan edi, deb yozadi Qoraqalpog‘iston axborot agentligi.

Qulon Xalqaro tabiatni muxofaza qilish uyushmasining Qizil kitobiga, Yo‘q bo‘lish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro tijorati to‘g‘risidagi Konventsiyaning (SITeS) Ilovasiga va O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga yovvoyi tabiatda yo‘qolib borayotgan hayvonot turi sifatida kiritilgan.

2014 yilning yozida olimlar Qoraqalpog‘istonning Turkmaniston bilan tutashgan shimoliy-g‘arbiy chegarasida 9 qulondan iborat to‘dani aniqladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi o‘simliklar va hayvonotlar dunyosi genofondi tomonidan tashkillashtirilgan ekspeditsiyada O‘zbekiston uchun  birinchi marotaba qorakalpoq Ustyurtining janubiy-g‘arbiy tomonida qulonning mavjudligi aniqlandi. Qulonlarning Qoraqalpog‘istonda qaytadan paydo bo‘lishi muhim ahamiyatga ega yangilik. Ma'lumki, Orol dengizining qurishi bilan ekologik vaziyat og‘irlashdi, ofatchilik oqibatida Orolbo‘yi hududida bioxilma-xillik yo‘qolib ketdi. Lekin, keyingi paytlari davlatimizda suv va suv resurslaridan oqilona foydalanish natijasida hududda vetlandlar, yasalma suv havzalari paydo bo‘ldi. Bu o‘z navbatida bioxilma-xillikning rivojlanishiga sababchi bo‘lmoqda. Hukumat tomonidan noqonuniy ovga keskin to‘siq qo‘yilishi ham yovvoyi faunaning rivojlanishiga ijobiy ta'sirini ko‘rsatmoqda. Aynan qulonlarning yurtimizga kelib boshlashi asosan shu ikki faktorga bog‘liq”, - deydi O‘zRFA Qoraqalpog‘iston bo‘limi professori, biologiya fanlari doktori Svetlana Mambetullayeva.

Qulonlar sonining ortishiga yana bir sabab Turkmaniston bilan O‘zbekiston territoriyasi (Qoraqalpog‘iston) chegarasiga aholi yashash punktlarining uzoqligi, yo‘lning murakkabligi hamda chegara rejimining saqlanishidir. Hozirgi qulonlar yashayotgan hududga odamlar borishi ancha mushkul. Qulonlarni saqlash uchun ularning yashash o‘rni sharoitini, ozuqa-yem bazasini yaxshilash darkor va tabiiy dushmanlaridan, brakonerlardan himoya qilish bo‘yicha doimiy monitoring olib borish kerak. Orolbo‘yi hududida, xususan, Borsakelmes, Shaxpaxti, Asakovdon pastliklarida qo‘riqxonalar tashkil qilish zarur.

Qulonlarning mavjud ekanligini Sariqamish ko‘lidagi xo‘jaliklarning baliqchilari ham tasdiqlaydi. Ularning bildirishicha, hududda qulonlar to‘dasi tez-tez ko‘zga tashlanadi.

Butunjahon Yovvoyi Tabiat Fondi (WWF), Germaniyaning DAAD tashkiloti moliyalashtiruvi bilan O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi Bosh Boshqarmasi va Mixael Zukkov Fondi  (Germaniya) hamkorligida 2012-2014 yillarda qoraqalpoq Ustyurti va shimoliy Sariqamish havzasi hududida o‘tkazilgan ekspeditsiya ishlari natijasiga ko‘ra, bu hududlarda tabiatda to‘liq yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgan Ustyurt arxarlari, Ustyurt jayronlari, bo‘rsiqlari, turkman qulonlarining yashashi ma'lum bo‘ldi va ularni suratga olishning uddasidan chiqildi.

Mavzuga oid