17:20 / 28.07.2016
8297

O‘zbekiston fuqarolari himoyalanganlik hissi bo‘yicha MDH davlatlari orasida 1-o‘rinni egalladi

O‘zbekiston fuqarolari MDH davlatlari ichida o‘zlarini eng xavfsiz his qilishi ma'lum bo‘ldi. Amerikaning Gallup kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovnoma asosida xabar bergan UzDaily nashrida shunday deyilgan.

Gallup kompaniyasi dunyoning 134dan ortiq mamlakatlari fuqarolari o‘rtasida ular yashaydigan hududlardagi jinoyat darajasi va mahalliy huquq muhofazachilari faoliyatining ishonchliligi bo‘yicha so‘rov o‘tkazdi.  Reyting mintaqalar bo‘yicha tuzildi. Olingan ma'lumotlar «Butunjahon qonun va tartib indeksi» nomli hisobotiga kiritilgan.

Ushbu so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, 2015 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning qonun va tartib indeksi 90 ballni tashkil qildi. O‘zbekiston bu indeks bo‘yicha Islandiya bilan 2 va 3-o‘rinni bo‘lishib olgan. Singapur 93 indeks ko‘rsatkichi bilan birinchi o‘rinni egallagan.

Tojikiston qonun va tartib indeksida 89 ball bilan to‘rtinchi, Shveytsariya 88 ball bilan beshinchi pog‘onada qayd etilgan.

2014 yil natijalariga ko‘ra, MDHning boshqa ikki davlati, Qozog‘iston va Rossiyaning qonun va tartib indeksi bo‘yicha ko‘rsatkichi mos ravishda 71 va 62 ballni tashkil qilgandi.

Top