Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalarga umumiy o‘rta ta'lim berishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalarga umumiy o‘rta ta'lim berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta'lim maktablari davlat ta'lim standartlari hamda ular asosida ishlab chiqilgan maxsus ta'lim (aqli zaif va ruhiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar uchun) talablariga muvofiq har bir shaxsning ta'lim va tarbiya olishdagi konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish, ularning umumiy o‘rta ta'lim olishini va bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalash maqsadida tashkil etiladi.
Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta'lim maktablarida ta'lim olish bepul amalga oshiriladi.
Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta'lim maktablarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
o‘quvchilar tomonidan muntazam bilim olinishini ta'minlash, ularning bilim olish ehtiyojini qondirish;
o‘quvchilarda milliy hamda umumbashariy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish asosida yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, ularning ta'lim-tarbiya olishlari uchun shart-sharoit yaratib berish;
o‘quvchilarning umumiy o‘rta ta'limning davlat ta'lim standartlari hamda ular asosida ishlab chiqilgan (aqli zaif va ruxiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar uchun) maxsus ta'lim talablariga muvofiq bilim olishlarini ta'minlash;
ta'lim berish jarayonida o‘quvchilarning sog‘lig‘ini himoyalovchi dars jadvaliga rioya etilishini ta'minlash.
Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta'lim maktablar tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra, davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda 30 kun va undan ortiq davr mobaynida davolanayotgan maktab yoshidagi bolalar uchun tashkil etiladi.
O‘quvchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalarining buyrug‘i bilan davolash-profilaktika muassasalari yaqinidagi umumiy o‘rta ta'lim maktablariga biriktiriladi va davolash-profilaktika muassasalari qoshida o‘rnatilgan tartibda umumiy o‘rta ta'lim maktablari tashkil etiladi.














