Jahon | 17:31 / 21.04.2024
13184
11 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Turkiya–Isroil munosabatlarida qanday tarixiy burilish yasadi?

G‘azodagi urush sabab Isroilni eng qattiq tanqid qilayotgan davlat bu – Turkiya. Lekin bu ikki davlatning munosabatlari Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgunicha va uning hokimiyati ilk yillarida hozirgidan farq qilardi. Turkiya Isroil bilan eng iliq munosabatlarga ega musulmon davlatlaridan biri edi.

Diniy va milliy qadriyatlar, diplomatik kelishmovchiliklar, “Mavi Marmara” inqirozi va regional mojarolar bu munosabatlarni beqarorlashtirgan asosiy omillar hisoblanadi.

Oddiy siyosiy raqobat va strategik manfaatlar ko‘p yillik tarixga ega bo‘lib, ularning yechimi va umumiy kelajakdagi ko‘rinishi har doim noma’lum bo‘lgan. Suriya mojarosi kabi mintaqaviy ziddiyatlar esa munosabatlarni yanada chigallashtiradi. Shunga qaramay, Turkiya-Isroilning o‘zaro iqtisodiy bog‘liqligi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Kun.uz “Geosiyosat” dasturida Yaqin Sharqdagi bu ikki yirik harbiy va iqtisodiy qudrat markazlarining o‘zaro munosabalari haqidagi savollar bilan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

— Erdo‘g‘anning siyosiy faoliyati davomida Isroil bilan munosabatlarini qanday davrlarga bo‘lish mumkin?

Avvalo, Turkiya va Isroil munosabatlariga mintaqa nuqtai nazaridan qarash kerak. Musulmon dunyosida, arab davlatlari o‘rtasida Isroilni tan olmaslik bo‘yicha ma’lum kelishuvlar bor. Lekin mintaqada 3 ta davlat Isroilni tan olib, diplomatik aloqalar o‘rnatgan, bular: Turkiya, Misr, Iordaniya. Misr va Iordaniya Isroil bilan urushda ma’lum yerlarini oldirib qo‘ygach, muloqotga kirishish maqsadida tan olgan. Lekin Turkiya va Isroil munosabatlari boshqacha bo‘lgan. Isroilni tan olgach, u bilan munosabatlarni me’yorlashtirgan davlat – Turkiya.

Erdo‘g‘an hokimiyatga kelguncha Turkiya va Isroil munosabatlari yaxshi edi. Lekin Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, bosqichma-bosqich ikki davlat munosabatlari sovuqlasha boshladi. Erdo‘g‘anni xalqaro maydonda islomchi deyishadi, lekin u ayni paytda liberal, ma’lum darajada millatchi, huquqiy demokratik davlat institutlarini ham inkor etmaydi. Uning qadriyatlaridan biri – Islom. Erdo‘g‘anning bayonotlarida, ritorikasida, ichki-tashqi siyosatida islomiy omil muhim rol o‘ynaydi.

Bu diniy omil Erdo‘g‘an uchun bir tomondan risk ekanini ham aytish kerak. U hokimiyatga kelguncha Turkiya hukumati 3 marta harbiylar tomonidan yiqitilgan. Mustafo Kamol Otaturk Turkiyadagi dunyoviylikni ta’minlash uchun harbiylarga missiya yaratib ketgan. 2016 yildagi oxirgi davlat to‘ntarishiga urinish ham Erdo‘g‘anni yiqitish uchun edi. Erdo‘g‘an hokimiyatga kelganda Isroil bilan munosabatlar yaxshi edi, sovuqlashishi vaqt masalasi bo‘lgan.

— Erdo‘g‘an Isroilni Turkiyadagi ba’zi noxush voqealarda ayblashiga biror asos bo‘lganmi?

2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda tashqi dunyoda ba’zi davlatlar ochiq yoki yashirin buni qo‘lladi yoki xursand bo‘ldi. Mintaqada Saudiya, Isroil, BAA, Misr Erdo‘g‘an hokimiyati yiqilishidan manfaatdor edi, chunki munosabatlar sovib ketgandi.

Yaqin Sharqda islom, inson huquqlari, liberalizm, demokratiya borasida davlatlar ikkiga bo‘linadi. Ihvonchi davlatlar bor: Turkiya, Qatar, oldingi Misr hokimiyati – bular demokratiya va islomiy o‘zlikni qorishtirgan siyosiy model yaratishdan manfaatdor. Lekin konservativ davlatlar bor, ular xalqning siyosiy faolligidan qo‘rqadi, masalan, Saudiya, BAA, hozirgi Misr hokimiyati kabilar.

Isroilga nisbatan ayblov bugungi geosiyosiy kontekstda aytilyapti, oldindan bor emas. Manfaatdorlik bo‘lgan, lekin Isroilning qo‘li borligi haqida dalillar yo‘q.

— Isroil va Turkiya o‘rtasida qanday diplomatik inqirozlar yuz bergan va ularning yechimi qanday topilgan?

Erdo‘g‘anning Falastin borasida pozitsiyasi doim bir xil. Isroilga doim salbiy munosabatda bo‘lgan siyosatchi.

2010 yilda bir qancha davlatlar G‘azoga ozodlik flotiliyasini yuborishni maqsad qiladi, lekin G‘azo – qamaldagi mintaqa. Ozodlik flatiliyasi Isroil nazoratidagi O‘rtayer suvlaridan G‘azoga kirmoqchi bo‘ladi, shunda bir nechta ekipaj a’zolari, xususan turkiyaliklar ham o‘ldiriladi. Shu vaqtda Erdo‘g‘an va Isroil munosabatlari jiddiy sovuqlashadi, elchisini chaqirib oladi va Isroil elchisi chiqarib yuboriladi. Erdo‘g‘an Isroil kechirim so‘rasagina diplomatik aloqalar tiklanadi, deydi. Tarixda Isroil kechirim so‘ragan yagona yoki kam sonli davlatlardan biri – Turkiya.

O‘tgan yili oktyabr oyigacha ikki davlat munosabatlari sekinlik bilan yana yaqinlashayotgan edi, ammo 7 oktyabrdan keyin vaziyat o‘zgardi.

— Hozircha eng chuqur inqiroz “Mavi Marmara” konvoyi bilan bog‘liqmi?

7 oktyabrdan keyin G‘azoda ko‘plab tinch aholi o‘ldirildi. Shu fonda musulmon dunyosida, butun dunyoda Isroilni terrorist davlat deyotgan yagona davlat rahbari – Erdo‘g‘an.

Turkiya iqtisodiyoti dunyo iqtisodiyotiga, import-eksportga kuchli bog‘langan. Turkiya NATOga a’zo, ko‘plab zamonaviy harbiy texnikalarni G‘arbdan oladi. Mintaqada Isroil xavfsizligi borasida hamkorlik qiladigan 3 ta muhim davlat Turkiya, Misr, Iordaniya. Turkiya Isroil xavfsizligi uchun asosiy soyabonlardan biri edi. Agar Turkiya va Isroil o‘rtasida to‘laqonli mojaro kelib chiqsa, Yaqin Sharqda kuchlar nisbati keskin o‘zgaradi. AQShning eng muhim harbiy bazalaridan biri – Turkiya. Shu fonda Turkiya iqtisodiyoti G‘arb bilan, AQSh bilan bog‘langan, AQSh va G‘arbga esa Isroil ta’siri katta, ayni paytda Isroil xavfsizligi yuqorida aytilgan 3 ta davlatga bog‘langan. Umuman, Turkiya va Isroil munosabatlari ancha taranglashib boryapti.

— Suriya inqirozi Turkiya va Isroil munosabatlariga qanday ta’sir qilgan?

Suriyadagi geosiyosiy, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat juda chalkash. Tunisda boshlangan Arab bahori Suriyaga yetib kelguncha Bashar Asad va Turkiya munosabatlari ijobiy bo‘lgan. Xalq ko‘chaga chiqib, Bashar Asad hokimiyati ularga repressiya qilgach, Qatar, Saudiya, Turkiyada Bashar Asad hokimiyatiga munosabat salbiylashdi. Asad hokimiyatini Rossiya va Eron saqlab qoldi.

Turkiya va Suriya munosabatlari yaxshilanyapti, lekin oldingi darajada emas hali. Bunda bir qancha nuqtalar bor. Turkiya o‘zining hududiy yaxlitligiga eng katta tahdid deb kurd separatizmini ko‘radi, shuning uchun Suriyaning chegara hududiga harbiylarini kiritgan. Bu borada Suriyaning pozitsiyasi ikkilamchi: bir tomondan suveren davlat sifatida o‘z hududida begona harbiylarning kirishini qabul qilmaydi, lekin boshqa tomondan Suriyaning o‘zi ham kurd separatizmini xavf deb biladi, shuning uchun diplomatik ohangda tanqid qilinadi faqat. Chunki Turkiyaning maqsadi Suriya hududini olib qo‘yish emas, chegaradan ma’lum masofada xavfsiz hududni yaratishdan iborat.

— Bugungi kunda ham Turkiya-Isroil munosabatlari o‘zaro aytishuv holatida, yaqin istiqbolda vaziyat real choralarga aylanishi mumkinmi?

Turkiya – Isroilni eng ko‘p tanqid qilayotgan davlat. Lekin shu paytgacha Erdo‘g‘an aytgan Isroilga qarshi loyihalar amalga oshgani yo‘q. Turkiya musulmon va turkiy dunyoda Isroilga qarshi mafkuraviy front shakllantirdi, lekin real choralar ko‘rgani yo‘q. Menimcha, Turkiya o‘z iqtisodiy manfaatlarini o‘ylayapti, boshqa tomondan esa yakkalanib qolishdan ham qo‘rqyapti. Bu masalalarda yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Ozarboyjon ham qo‘llayotgani yo‘q hozircha. Aytilgan qarshi loyihalarni amalga oshiramiz desa, Markaziy Osiyodagi turkiy davlatlar ham to‘la qo‘llamaydi. Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi motivi yoki manfaati – mintaqamiz Rossiya yo Xitoy geosiyosiy ta’sir doirasida qolib ketmasligi, mintaqada G‘arbning ishtiroki bo‘lishi kerak. Buning uchun esa Isroil bilan aloqalar salbiylashib ketmasligi kerak. Lekin mintaqamiz davlatlari mustaqil Falastin davlati tashkil topishi kerak, degan pozitsiyada.

Turkiyaning asosiy geosiyosiy yo‘nalishi G‘arbga, AQShga qaratilgan. Shu ma’noda mintaqada Isroilni o‘ziga hamkor sifatida ko‘rardi, lekin Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, bu motiv o‘zgardi. Turkiyaning ichki geosiyosiy koridorlarida fundamental ziddiyatlar bor. G‘arbga og‘ishuv endi oldingidek bo‘lishi qiyin, menimcha, Erdo‘g‘an ketganda ham. Hokimiyatga kim kelsa ham, Isroilga munosabat oldingidek iliq bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Buning bir qancha sabablari bor. Isroilga munosabat kollektiv G‘arbning o‘zida ham ancha salbiylashdi.

— Erdo‘g‘an hokimiyatda ekan, G‘azodagi munosabat qanday yechim topgach, munosabatlar iliqlashishi mumkin?

Umumiy mintaqadagi vaziyat o‘zgarishi kerak, fundamental ziddiyatlar bor. Isroilda “bosib olingan yerlarning bir qarichini ham bermasdan, kengayishda davom etamiz, Falastindan umidni uzinglar”, degan pozitsiya bor. Bunga musulmon va turkiy dunyo rozi bo‘lmaydi, avvalo Turkiya.

Saudiya, Misr, Iordaniya hokimiyatlari Isroil bilan konfliktga bormaslik tarafdori bo‘lsa-da, u yerdagi jamiyatlar Isroilni qabul qilmaydi, umuman mintaqa qabul qilolmaydi. Global dunyoda esa jamiyatlardagi bu kayfiyat ertami-kechmi bo‘y ko‘rsatadi. Shuning uchun asosiy masala – Isroil vaziyatni tushunib, 1967 yilgi chegaralarga qaytmasa, bu yerda uzoq muddatli tinchlik bo‘lmaydi. Isroil bu yerlardan voz kechmasa, musulmon dunyosi AQShga ham, YeIga ham salbiy munosabatda bo‘lishini AQSh tushunib bo‘ldi.

Dunyoda global hokimiyat uchun kurashning yangi pallasi boshlandi. Xitoy o‘z geosiyosiy qutbini yaratish yo‘lidan ketyapti, unga Rossiya, Eron, umuman, global janub hamkor. Global janubda esa arab va musulmon davlatlari bor. AQShning oldida tanlov bor endi: birgina Isroil uchun o‘zining strategik manfaatlarini to‘liq qurbon qila olmaydi. Shu paytgacha ikki tomonni yarashtirishga urinishlar muvaffaqiyatli bo‘lmadi, bo‘lmaydi ham.

Isroil kuch orqali o‘z davlatchiligini, loyihalarini amalga oshirmoqchi, lekin dunyoda kuchlar nisbati o‘zgaryapti, bu esa AQSh yoki kollektiv G‘arb uchun strategik chaqiriqlarni anglatadi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid