Jahon | 09:23 / 08.10.2023
44995
7 daqiqa o‘qiladi

«Biz ham ruhan o‘lib bo‘ldik» – Iroqdagi yong‘inda omon qolgan kelin-kuyov

26 sentabr kuni Iroqning Naynav viloyati Bahdid shahridagi to‘yxonada sodir bo‘lgan dahshatli yong‘in oqibatida 120 kishi halok bo‘lib, 200 dan ortiq odam kuyish jarohati bilan kasalxonaga tushdi. Avvaliga kelin-kuyov ham qurbonlar orasida bo‘lgani aytilgandi, ammo keyinchalik ular tirik qolgani ma’lum bo‘ldi.

27 yoshli kuyov Revan va 18 yoshli kelin Xanin jurnalistlarga kichik intervyu ham berishdi. To‘g‘rirog‘i, intervyuda faqat kuyov gapirgan: «Biz hozir qarshingizda turibmiz, ammo ishoning, faqat tanamiz tirik qoldi xolos. Ruhan biz ham o‘lib bo‘ldik», deydi kuyov.

Uning aytishicha, xotini yong‘in oqibatida oilasining 10 nafar a’zosini yo‘qotgan: onasi, uch akasi, hamma amakilari, yosh amakivachchalari. Kuyovning onasi ham fojia oqibatida halok bo‘lgan.

Foto: AFP
Foto: AFP

Kuyov kelinni qanday qutqarganini aytib berdi: «Uni ko‘tarib oshxona orqali tashqariga olib chiqmoqchi bo‘ldim. Talato‘pda hamma tashqariga chiqishga urinib, uni bosib o‘tib ketishdi, shu sabab oyoqlari jarohatlangan. Shunday bo‘lsa-da, tashqariga chiqa oldik», deydi Revan.

Tarmoqda to‘ydagi yong‘in qanday boshlangani aks etgan kadrlar tarqaldi. Ular sifatli ekanidan to‘yni suratga olish uchun kelgan operatorlar kamerasida olinganini bilish mumkin. Videolarda kelin-kuyov raqs tushayotganda atrofida feyrverklar yoqilgani, ulardan biri shiftdagi pardaga tekkach, yong‘in boshlanganini ko‘rish mumkin.

Boshqa qadrlarda esa to‘yxonada o‘tirgan mingga yaqin odam jonholatda tashqariga otilgani ko‘rinadi. Eshikka yaqin o‘tirgan odamlar tezroq tashqariga chiqa olgan. To‘yxona ichkarisi mato va pardalarga to‘la bo‘lgani, dasturxonlar ham matodan tikilgani uchun alanga juda tez tarqalgan.

Foto: AP
Kelin va kuyov. Videodan kadr

Qurbonlar

Yong‘in oqibatida 120 kishi o‘lgani ma’lum. 54 jasadning shaxsi ham aniqlanmagani, bu uchun DNK-test talab qilinishi aytilgan. Ya’ni mana shuncha inson tanib bo‘lmaydigan darajada yonib ketgan. Tarmoqda to‘y mehmonlaridan biri yong‘in o‘chirilgach, to‘yxona ichiga kirib, xotinining ko‘ylagini topgani, uning ichida esa hech narsa yo‘qligini bilgach, yerga yiqilib yig‘lagani aks etgan video tarqaldi.

Foto: EPA
Foto: BBC

Jabrlanganlar atrofdagi kasalxonalarga olib borilgan. Ularning aksarida tana tashqi qismining 100 foiz kuyishi kuzatilgan. Qolganlarda 50-60 foiz kuyish qayd etilgan. Avvaliga kelin va kuyov ham halok bo‘lgani aytilgan, bu ma’lumotni Reuters va BBC kabi yirik nashrlar ham tasdiqlagandi. Ammo jurnalistlar bilan gaplashgan guvohlar kelin-kuyovni tirik ko‘rishganini aytgan, keyinchalik ular omon qolgani ma’lum bo‘ldi.

Yong‘in Mo‘sul yaqinidagi Bahdid shahrida sodir bo‘lgan. Bu kichik shaharda 50 ming atrofida odam yashaydi va ularning aksari I-III asrlardayoq nasroniylikni qabul qilgan assiriylardir. Vafot etganlarning dafn marosimi ham uch kun davomida nasroniylik an’analariga xos tarzda o‘tkazildi.

Kelin-kuyov bir nechta dafn marosimlarida qatnashdi. Shahardagi deyarli hamma to‘ydagi yong‘in oqibatida kiminidir yo‘qotgan. Yong‘in haqida xabar berilgach, ko‘plab jurnalistlar voqea joyiga yetib borgan va dafn marosimida insonni dahshatga tushiradigan videolar tarqaldi. Drondan olingan kadrlarda ketma-ket o‘nlab tobutlar qabristonga olib ketilayotgani ko‘ringan.

Kelin va kuyov. Videodan kadr
Kelin va kuyov to‘y kuni

Dafn marosimlarida qatnashgan kelin va kuyov juda yomon holatda bo‘lgan. Ular o‘zini yig‘idan tiya olmagan, yurishga ham holi bo‘lmagan.

«Biz bu yerda yashay olmaymiz»

Kelin va kuyov ortiq Bahdidda yashay olmasligini aytgan: «Nega bunaqa bo‘ldi? Biz nima qildik axir? Biz ortiq bu yerda yashay olmaymiz», degan kuyov.

OAVda yozilishicha, yong‘in oqibatida yaqinlarini yo‘qotganlar hodisada kelin-kuyovlarni ayblamoqda. Revan va Xanin hayoti bu yerda ortiq xavfsiz bo‘lmasligini his qilib, shahardan ko‘chib ketgan.

Kelin va kuyov.
Foto: Rudaw
Foto: Rudaw

Arzon-garov qurilish materiallari

To‘yxonani qurishda arzon va yonishga moyil qurilish materiallaridan foydalanilgani ma’lum bo‘ldi. Oqibatda to‘yxona tomi bir necha soniya ichida odamlarning ustiga qulab tushgan. Hukumat komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra to‘yxona zali juda tez yonadigan arzon «sendvich-panel»ga o‘xshagan material bilan bezatilgan. Ikki yil avval yonib ketgan Bog‘doddagi «Ibn al Xatib» kasalxonasida ham xuddi shunday materialdan foydalanishgan. 2021 yildan buyon Iroqda bu materialdan foydalanish taqiqlangan.

Foto: Rudaw

Ma’lum bo‘lishicha, yong‘indan keyin tom qulagach, odamlar ichkarida qolib ketgan. Ularni chiqarish uchun esa to‘yxonaning bir qismini buldozer orqali buzishgan. Oqibatda to‘yxona ichi kislorodga to‘lib, alanga battar kuchaygan.

«Bizni IShID o‘ldirmadi, ammo bu halokat o‘ldirdi»

Yong‘in butun Iroq hukumatini oyoqqa turg‘izdi. 28 sentabr kuni Iroq bosh vaziri Muhammad Shim as Sudani Bahdidga borib, yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildirdi. Iroqda uch kunlik motam e’lon qilindi. Hodisadan keyin Iroqdagi barcha muassasalarda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilgan. Yong‘inda aybdor deb gumonlanib, 14 kishi hibsga olingan. Xususan, uch nafar feyrverk yoqqan odamlar ham.

Foto: Rudaw

Yong‘inda ota-onasi va ikki singlisidan ayrilgan iroqlik Butros Shito hodisada mamlakatdagi korrupsiyani ayblagan: «IShID bizni o‘ldira olmagandi, lekin mana bu halokat o‘ldirdi. Biz bu davlatda halokat sodir bo‘lgunicha yashaymiz, keyin esa nima bo‘lganini tahlil qilamiz. Uyimiz mamlakatdagi ochko‘zlik va korrupsiya sabab bo‘shab qoldi», degan u.

Foto: Rudaw

Ma’lumot uchun, 2003 yil AQShning Uest-Uorik shahridagi klubda, 2004 yil Buenos-Ayresdagi tungi klubda, 2009 yil Rossiyaning Perm shahridagi klubda, 2013 yil Braziliyaning Santa-Mariya shahridagi klubda ham pirotexnika vositalaridan foydalanish oqibatida dahshatli yong‘inlar sodir bo‘lgan.

Mavzuga oid