O‘zbekiston | 14:23 / 22.01.2018
23759
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘chqorov Ashraf G‘ani bilan ko‘rishdi, Afg‘onistondan Xitoyga Andijon orqali 3 kunda boriladi

Foto: Flickr

Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani va O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Mozori Sharif-Hirot temir yo‘lining qurilishi masalasini muhokama qildi. Bu haqda Afghanistan.ru xabar bermoqda.

Qo‘chqorovning Afg‘oniston rahbari bilan Kobuldagi uchrashuvda aytishicha, loyihani baholash jarayoni tugagan va uni Markaziy bank hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan moliyalashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Uning ta'kidlashicha, temir yo‘l qurilishi ham Afg‘oniston va O‘zbekiston, ham mintaqaning barcha davlatlari uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi, deb xabar qilgan afg‘on matbuoti.

Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning amalga oshirilishi Afg‘onistondan Xitoyga O‘zbekistonning Andijon shahri orqali uch kun ichida borish imkonini beradi.

O‘z navbatida, Ashraf G‘ani mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni, jumladan, infratuzilma sohasida kengaytirish aholi turmush sifatini yaxshilashi hamda mintaqaning farovonligini oshirishga xizmat qilishini ta'kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid