Namangan viloyati hokimi bilan ochiq suhbat (video)
Kun.uz tahririyati 2017 yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan O‘zbekistonning turli viloyatlariga ijodiy safar uyushtirib, rahbarlar, mutasaddilar va aholi bilan muloqot o‘tkazishda davom etmoqda. Tahririyatning navbatdagi safari Namangan viloyatiga bo‘ldi.
Safar davomida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan turli masalalarda ochiq suhbat bo‘lib o‘tdi. Ushbu suhbat davomida viloyatda mavjud muammolar tilga olindi va ularning hal etilishi borasida fikrlar o‘rtaga tashlandi.
Viloyatdagi yo‘llar holati
Oxirgi yillarda yo‘l tizimi bo‘yicha Namangan viloyatida nisbatan chetda qolgan. Yo‘llar bo‘yicha 11 ta loyihamiz davlat dasturiga tushgan va ularning barchasiga mablag‘ ajratilgan. Lekin, shu 11 ta loyihalar oxiriga yetmay qolib ketgan. Sababi ular nomaqbul quruvchilarga berilgan. Bunda o‘zimiz ham nazoratsizlik qilganmiz, o‘zimizda katta ayb bor. Bugungi kunda asfaltlash uchun 39 milliard so‘m ajratilgan, qishloqlardagi ichki ko‘chalarda qattiq qoplamali shag‘alga o‘tiladi. Namangan viloyatiga 17,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Buning natijasida 284 kilometr loy bo‘lgan ichki ko‘chalarimiz qattiq qoplamali yo‘llarga aylantiriladi.
Qishloq xo‘jaligi sohasi
Qishloq xo‘jaligi bizning eng asosiy tarmoqlarimizdan biri. Bugungi kunda aholimizning qariyb 50 foizi qishloqda istiqomat qilayapti. Bizni boqadigan ham, kiyintiradigan ham yerdir. Oldinlari to‘liq paxta ekib, faqat paxtachilik, g‘allachilikka ixtisoslashgan bo‘lsak, maxsus qarorlar bilan yilma-yil paxta maydonlari qisqarib bormoqda. Kelgusi 5 yil ichida 10 ming gektar paxta maydoni, 5 ming gektar g‘alla maydoni qisqaradi. Ular bugungi kunda samara bermayotgan yerlardir. Namangan viloyatida o‘tgan yilning yakuni bilan oladigan bo‘lsak paxtani qayta ishlash foizini 37 foizni tashkil qildi. Bugun Namangan viloyatida maxsus qarorlar bilan 15 ta dastur amalga oshirilmoqda. 2017-2018 yillarda bu dasturlardagi barcha to‘qimachilik korxonalari foydalanishga topshiriladi. Rejada 2017-2018 yillarda amalga oshiriladigan loyihalarning pirovard natijasi bilan 37 foiz qayta ishlayotgan paxtamizning 100 foizi Namangan viloyatida qayta ishlanadi.
Bugungi kunda 34 ming gektar bog‘-toklarimiz bor. Bu juda katta imkoniyat. Birinchidan, bu meva-sabzavotni yetishtirish. Qolaversa, buni eksportga yuborish. Bu yil 162 million dollarlik eksport qilishni rejalashtirganmiz. Lekin juda katta muammolarimiz bor. Bizda yuqori hosilli, eng zamonaviy urug‘larimiz yo‘q. 24 ming bog‘imizning deyarli 22 mingining hammasi eski bog‘lar. Bularni yangilash kerak.
Ichki ishlar faoliyati haqida
Savol bergan fuqarolarimiz norozi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Besh qo‘l barobar emas. Ichki ishlar idoralarida ham har xil xodimlar bor. Qonun buzilish qiladiganlari ham bor. Ularning qanchasi jazolanmoqda. Lekin boshimizga tashvish tushadigan bo‘lsa birinchi bo‘lib ichki ishlarga boramiz. Ichki ishlar bilan birgalikda ishlasak noroziliklar bo‘lmaydi.
Namangan shahrida tirbandlik haqiqatdan ham bor. Sababi avtobusimiz yo‘q edi. Odamlarimizni tashishda faqat “Damas”larga tayanib qolgandik. Shaharda juda ko‘plab bunday mashinalar yurishi oqibatida ko‘chalar harakatlanish qiyin bo‘lib qolgandi. Lekin bugungi kunga kelib 200 taga yaqin avtobus oldik. Yana 70 avtobus olishimiz kerak. Bu orqali shunday muammolar bartaraf etiladi.
Ichki ishlar xodimlari tomonidan yuk mashinalari haydovchilarini hasharga jalb qilish holatlari bo‘layotgani rost. Bu ishlarda birinchi navbatda jamiyat manfaati ko‘zda tutilgan. Lekin majburlov yo‘q. Avvalambor murojaat qilinadi. Odamlarimiz shaharning go‘zalligiga o‘z hissalarini qo‘shish istagidalar.
Toza ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz masalasi
Bu ko‘plab aholimizning e'tirozlariga sabab bo‘layotgan masala. Ayniqsa elektr energiyasi sohasida muammolar qishki mavsumda bor. Lekin bu masalaning yechimi ertami kechmi baribir topiladi. To‘raqo‘rg‘on tumanida qiymati 1 mlrd. 100 mln. dollarlik issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlandi. 970 megavattgacha ishlab chiqarilishi mumkin. 2019 yilning Navro‘z bayramiga 450 megavatt, 2020 yilning boshlarida to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu IESning ishga tushirilishi butun vodiyning elektrga bo‘lgan ta'minotini to‘liq qoplab berishi mumkin.
Dunyoning hech bir mamlakatida metan gaz yoqilmaydi. Lekin shunday xomashyoni odamlarni uyiga trubada olib kirib, yoqib yuboramiz. Undan 200 dan ortiq mahsulot ishlab chiqarish mumkin. Biz gaz to‘liq yetib bormagan uzoq joylardagi aholiga to‘g‘ri tushuntirgan holda, ularning roziligini olgan holda ularni tarmoqlardan uzmoqdamiz. Buning o‘rniga esa to‘liq suyultirilgan gaz bilan ta'minot yo‘lga qo‘yilyapti.
Suv masalasi ham Namangan viloyatida juda murakkab masala. Bugun suv bilan ta'minlanish darajasi, ayniqsa qishloqlarimizda juda ham past. Bugun suv bilan ta'minlash darajasi 74 foizni tashkil etadi. Qishloqlar bundan ham past ahvolda. Lekin bu borada ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Kuni kecha qabul qilingan hujjatga ko‘ra, Namangan viloyati va Namangan shahrini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘yicha loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 160 million dollarlik mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Suhbatning to‘liq shaklini videoda tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
07:34
40 mln so‘mlik pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi
19:05 / 26.11.2024
Namanganda flyuorit toshini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilishi mumkin
16:53 / 22.11.2024
Namanganda 4 kishini Britaniyaga ishga yuborish evaziga 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi
16:34 / 18.11.2024