«Bizda maishiy zo‘ravonlikka oilaviy masala sifatida qaraladi» - TDYuU mustaqil tadqiqotchisi bilan suhbat
Yaqinda termizlik o‘quvchi qiz zo‘rlangani, xorazmlik kelinning o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabarlar jamoatchilikni larzaga keltirdi. Xotin-qizlarga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonliklarning sababi nimada? Masala ildizlari qayerda? Biz Toshkent davlat yuridik universitetida gender tengligi masalalari bo‘yicha mustaqil izlanuvchi Kamola Aliyeva bilan jamiyatda zo‘ravonlik nima uchun normal qabul qilinishi, xotin-qizlar huquqlari, OAVda jinsiy zo‘ravonlik targ‘iboti va boshqa muhim masalalar yuzasidan suhbatlashdik.
Maishiy zo‘ravonlik nima degani?
Oilaviy maishiy zo‘ravonlik - bu oila a'zolari tomonidan bir shaxsga iqtisodiy, ruhiy, jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikni amalga oshirish yoki amalga oshirish bilan tahdid qilish tushuniladi. Victim blaming (inglizchadan) esa zo‘ravonlik qurbonini ayblash, ya'ni zo‘ravonlik sodir etilganda aybi borligini aytish, psixologik bosim o‘tkazishdir. Shaming - bu uyaltirish. Markaziy Osiyo davlatlarida uyaltirish madaniyati juda kuchli. Agar qiz bola yoki ayol kishi jinsiy yoki jismoniy zo‘ravonlik qurboni bo‘lsa, uni uyaltirish holatlari ham bo‘ladi. Oiladagi zo‘ravonlikka chidashni xohlamasa ham uyaltiriladi.
Masalan, "Sevimli" telekanalida "Mahallada duv-duv gap" ko‘rsatuvida sevgan yigiti bilan munosabatda bo‘lib, jismoniy va jinsiy zo‘ravonlikka uchragan qiz ishtirok etdi. Zo‘ravonlikka uchraganlik holati chetda qolib uni barcha ekspertlar uyaltirishi – shaming amalga oshirilgan. Zo‘ravonlik holatida ham uni ayblash, ya'ni victim blaming ham sodir bo‘ldi.
"Afsuski, bizda oiladagi zo‘ravonlikka uy ichidagi muammo sifatida qaraladi"
Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda zo‘ravonlik “madaniyati” shakllanib ulgurgan. Oilada sodir bo‘ladigan har qanday zo‘ravonlikka uy ichidagi muammo, oilaviy masala sifatida qaraladi. Nafaqat jamiyat, qo‘shnilar yoki qarindoshlar, balki mahalla, huquq-tartibot organlari ham zo‘ravonlikni oilaviy masala sifatida ko‘rishadi.
Nima uchun oilaviy zo‘ravonlik jamiyatda normal holat deb qabul qilinadi? Uning ildizlari qayerda?
"Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonun bor. Unda zo‘ravonlikning 4 ta turi: jismoniy, jinsiy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik keltirilgan. Lekin oilaviy-maishiy zo‘ravonlik degan tushuncha berilmagan. Afsuski, jismoniy zo‘ravonlikka uchragan shaxslarda javobgarlik masalasi ham "oilaviy zo‘ravonlik" tushunchasi yo‘qligi, javobgarlik belgilanmaganligi tufayli Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksda tahqirlash, tuhmat qilish yoki yengil tan jarohati yetkazish moddasi bilan kvalifikatsiya qilinib, zo‘ravon jarima to‘lash bilan cheklanadi yoki himoya orderi bilan ayolidan 30 kunga uzoqlashtiriladi.
Zo‘ravonlikni amalga oshirayotgan shaxs o‘zining javobgarlikka tortilmasligini biladi. Jamiyat ham zo‘ravonlik qilayotgan shaxsni oqlashga harakat qiladi. Bunday holatda ayol kishi zo‘ravonlik haqida xabar bermasligi yoki uning atrofidagilari, oila a'zolari tomonidan chidash kerak, turmushning mushti bo‘ladi, farzandlaring uchun chidagin, qabilida ish tutiladi.
Maqollarimiz ham zo‘ravonlik holatida jim yurish kerakligini targ‘ib qiladi. Masalan, "Chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari", "Suv kelsa simirib, tosh kelsa, kemirib" maqollari, "O‘liging ham shu oilaniki" degan aqidalarning azaldan mavjudligi oilaviy zo‘ravonlikning yillar davomida davom etib kelayotgan ildizlari hisoblanadi.
Qiz va o‘g‘il bola tarbiyasida ham ota-onalar ikki xil yo‘nalishni tanlashadi. Qizlarga asosan bo‘lajak kelin, ona sifatida qaraladi. Yigitlarga esa bo‘lajak oila boquvchisi deb qaraladi. Ularga nisbatan bo‘lgan talab har doim ham adolatli bo‘lavermaydi. Qizlarning esa ta'lim olish, mehnat qilish huquqi cheklanadi. Oila qurganda uyda nima gap bo‘lgan taqdirda ham tashqariga olib chiqmaslik, sabr qilish odati shakllantiriladi.
O‘zim tadqiqot olib borganim uchun gender.stat.uz saytida oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari haqida hech qanday ma'lumot yo‘q. Bu nima degani? Biz real muammo ko‘lamini bilmaymiz.
"Himoya orderining 1 oylik muddati juda kamlik qiladi"
Himoya orderi zo‘ravonlikka uchragan ayolga 1 oy muddatga beriladi. Order nusxasi zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs – erga beriladi va 30 kun davomida zo‘ravonlikdan profilaktika o‘tashi kerak. Lekin bu yerda katta savol turibdi: himoya orderi olgan ayolga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlikning oldini olish uchun nima qilindi, zo‘ravonlik qilgan shaxs bilan psixolog yoki mahalla faoli ishladimi, 30 kun muddatda zo‘ravon er ayoliga nisbatan munosabatini o‘zgartirdimi, ular yarashtirildimi va qanday asosga ko‘ra? Bular haqida jamoatchilikka ma'lumot to‘liq yetkazilmagan.
Mutasaddilar oldida o‘zini yaxshi tutgan er uyda yana zo‘ravonlik qilmasligiga kim kafolat bera oladi? Xalqaro standartlar bo‘yicha himoya orderi 1-2 yil muddatga beriladi. Bizning amaliyotda 1 oylik muddat juda kam. Zo‘ravon er bir oy ichida o‘zgarishi qiyin. Zo‘ravonlik sodir etayotgan erkaklar nima uchun bu ishni qilishini o‘rganish va asosiy e'tiborni shunga qaratish kerak.
Nima uchun erkak o‘z jahlini jilovlay olmaydi?
Gender tadqiqot o‘tkazdim. So‘rov ishtirokchilariga shunday savol berdim: ba'zida er xotinining qilayotgan ishlaridan asabiylashadi yoki g‘azablanadi. Sizningcha, agar er xotini bilan janjallashsa, u xotinini turtish yoki urishga haqlimi? U o‘z harakatlari uchun oqlanishi kerakmi? 500dan ortiq respondentlar qatnashdi. Ularning aksariyat qismi oqlanishi mumkinmas, degan javoblarni bergan. Ayrimlar o‘ldirishgayam haqqi bor, degan. Bundan dahshatga tushish mumkin.
Nima uchun erkak o‘z jahlini jilovlay olmaydi? Bu oilaviy muhitga borib taqalyapti. O‘g‘il va qiz bolaga ikki xil yondashuv sabab bo‘lyapti. O‘g‘il bola urishsa, kimdir bilan mushtlashsa, bu normal holat. Bu jasorat, mardlik sifatida qabul qilinadi. Qizlarga esa muloyim, jahli chiqsayam jim o‘tirishi, tobe bo‘lishi kerakligi uqtiriladi. Yigitlar esa rag‘batlantiriladi.
Muttasil ruhiy bosimdan chiqish yo‘li bormi?
Ayollar psixologga murojaat qilishi, to‘g‘ri maslahat bera oladigan odamni topa olishlari kerak. Ijtimoiy tarmoqda ham ko‘ngilli yordam beruvchi kanallar bor. Facebook'da Sukut saqlama (NeMolchi.uz) loyihasini misol qilib keltira olaman. U yerda yordamga muhtojlarga ko‘mak beruvchi ko‘ngilli psixolog, yuristlar ham bor. 1146 qisqa raqami ham bor. Tadqiqotim doirasida ushbu qisqa raqamni – 103, 102 raqamlarini bir-biriga integratsiya qilishni taklif qilganman. Murojaat qilganlar holatga qarab yo‘naltiriladi. Buning uchun yetarli mutaxassislarni tayyorlay olishimiz kerak.
"2016 yilgacha oilaviy zo‘ravonlik O‘zbekistonda borligi haqida o‘ylab ko‘rmaganman"
2016 yilgacha bizda oilaviy zo‘ravonlik bor, deb o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Chunki gender tengligi, oilaviy zo‘ravonlik haqida hech qayerda gapirilmagan. Biz oilaviy zo‘ravonlik oilaviy masala sifatida ko‘rilgan jamiyatda o‘sganmiz. Chidash va sabr qilish kerak, deb jamiyat bosimiga chidab kelingan. Aslida, buni bosim deb ham qabul qilmaganmiz.
"OAVda jinsiy kamsitilish targ‘ib qilinishi stereotiplarning yanada ildiz otishiga sabab bo‘ladi"
"Sevimli" telekanalida "Mahallada duv-duv gap" ko‘rsatuvi efirga uzatiladi. Unda muammosi bilan kelgan ayolga psixolog (!) baqirib, nima uchun ayb qilgansiz, deb do‘q qiladi. Bunda victim blaming holati kuzatilyapti. "Mening qaynonam general" ko‘rsatuvida esa ayollar kelin, qaynona rolida targ‘ib qilinadi, hamma narsaga ulgurishi kerakligi va konkurs darajasida o‘tkazilib, kelin barcha talablarni bajarsa, u g‘olib bo‘lishi ko‘rsatiladi. Ko‘rsatuvning bir sonida hatto, oilaviy zo‘ravonlikni oqlab chiqqan holati bo‘lgan. Unda shunaqa deyilgan: "Turmush degani bu to‘rtta musht. O‘zingiz ham shu mushtdan yeganmisiz, deb so‘rasa, ha, bo‘lgan, oilada bo‘lib turadi, deyilgan.
Televideniye orqali oilaviy zo‘ravonlikni normal holat sifatida qabul qilish targ‘ib qilinyapti. "ZO'R TV" telekanalida namoyish etilayotgan "Yor-yor" ko‘rsatuvida kuyov va kelin qarindoshlari ishtirok etishadi, o‘zaro savol-javoblar orqali bir-birlari haqida ma'lumotga ega bo‘lishga harakat qilishadi. Unda boshlovchilar kelin tarafga quyidagi mazmundagi savollar bilan murojaat qiladi:
- Kelinlikka nomzod ovqat qilishni biladimi?
- Uyni yaxshi tozalaydimi?
- Bolalarni yaxshi ko‘radimi?
- Telefon ishlatadimi?
- Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadimi?
- Eri ishni tashlaysan, uyda o‘tirasan, deyishsa, kelinlikka nomzod bunga ko‘nadimi?
- To‘ydan keyin farzandli bo‘lgach, ham uy, ham bola parvarishlariga ulgura oladimi?
Kuyovlikka nomzodlarga esa oilani boqish qo‘lidan kelishi, turmush o‘rtoqlikka qanday talablari borligi so‘raladi, xolos. Ushbu ko‘rsatuvda xotin-qizlarning mustaqil shaxs sifatida o‘z fikriga ega bo‘lmagan, doim o‘zini boshqa oila a'zolariga tobe hisoblashi kerak bo‘lgan, har doim “xo‘p” deb turadigan uy bekasi, uy tozalovchi sifatida namoyon etilishi ayollar qadr-qimmati kamsitilishi, huquqini poymol qiladi, deb baholash mumkin.
Filmlarga keladigan bo‘lsak, ko‘p tanqid ostiga olinuvchi Ahad Qayum rejissyorligida olingan filmlarning nomlanishidan ham bilsak bo‘ladi. Hammasida ayollarga bo‘lgan nafrat, ular yomon obrazda targ‘ib qilinadi. Bunday filmlarda mezoginiya (ayollardan nafratlanish) hissi kuchli. "Sotilgan nomus", "Suyuqoyoq", "Ayol makri", "Xiyonatkor kelin”. Ro‘yxatni yana uzoq davom ettirishim mumkin. Bunday filmlar jamiyatda gender stereotiplarini targ‘ib qilishda katta rol o‘ynamoqda.
Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri,
Operator va montaj ustasi - Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
08:57
Oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga tez yordam ko‘rsatish markazlari modeli joriy etilishi mumkin
15:29 / 19.12.2024
Indoneziyada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
10:55 / 13.12.2024
Kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija ko‘rsata olmadi
16:28 / 02.12.2024