O‘zbekiston | 20:07 / 11.11.2016
8831
6 daqiqa o‘qiladi

Xorijlik ekspertlar O‘zbekistondagi saylov jarayoni haqida o‘z fikrini bildirishdi

Foto: uza.uz

O‘zbekiston Respublikasi TIV matbuot xizmatining axborotiga ko‘ra, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni, milliy saylov tizimi, nomzodlarning tarjimai hollari va dasturlari, shuningdek respublikamizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlar bilan xalqaro hamjamiyatni tanishtirish maqsadida mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari tomonidan xorijlik hamkorlar bilan birgalikda turli tadbirlar, jumladan, brifinglar, konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi a'zosi, «CLAAS» kompaniyasining mustaqil konsultanti Udo Folker bo‘lajak saylov nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo siyosiy hayotidagi muhim voqea ekanligini, chunki O‘zbekiston mintaqa barqarorligini saqlovchi asosiy davlat ekanligini qayd etdi. U joriy yilning 4 dekabr kuni prezident saylovi xalqaro standartlar va demokratik prinsiplarga muvofiq o‘tishiga ishonchi komilligini, bo‘lajak tadbirni yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazish uchun O‘zbekiston barcha imkoniyatlarga ega ekanligini aytib o‘tdi. Uning fikricha, davlat mustaqilligi yillarida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I. Karimov rahbarligi ostida bosib o‘tilgan taraqqiyot yo‘lini inobatga olgan holda xalq to‘g‘ri qaror qabul qiladi, bu esa mamlakatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, Germaniya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyatining vitse-prezidenti Diyeter Brandenburger quyidagilarni bildirdi: “O‘zbekistonda 2014 yil bo‘lib o‘tgan oxirgi parlament saylovida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini shaxsan o‘zim kuzatib bordim va unda ishtirok etish tajribasidan kelib chiqib, shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekistonda prezident saylovi yuksak saviyada o‘tkaziladi, chunki saylovchilarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida nomzodlarga, siyosiy partiyalarga, uchastka saylov komissiyalariga barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Saylov uchastkalari zarur asbob-uskunalar, inventar, atributka va xodimlar bilan ta'minlangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga taklif qilinishim men uchun katta sharafdir».

Keyingi yildan boshlab barcha turdagi tekshiruvlarning bekor qilinishi kichik va o‘rta biznesning soniga va ularning yalpi ichki mahsulotga qo‘shadigan hissasiga ta'sir qilishi muqarrar. Shu bilan bir qatorda iqtisodiy sohadagi bir qator islohotlar, jumladan investitsiya muhitini yaxshilashni va investitsiyalarni jalb etishni kuchaytirishni nazarda tutuvchi yangi erkin iqtisodiy zonalar yaratish rejalari shu jumladan Xitoy tomonidan ham istiqbolli tarmoqlarga yirik investitsiyalar kiritilishiga olib keladi.

Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti partiya qo‘mitasi kotibi Tszyan Fen va Sharqiy Xitoy siyosatshunoslik va huquq universiteti prorektori Lin Yanpin bo‘lib o‘tajak siyosiy tadbirda aholisi bir milliarddan ortiq mamlakatning 13 nafar kuzatuvchisi qatorida ishtirok etish katta sharafdir deb ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra delegatsiyaning barcha a'zolari siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqdilar. Siyosiy partiyalar dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I. Karimovning O‘zbekistonni qaror toptirish jarayoniga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olgan holda u tomonidan boshlab berilgan islohotlar yo‘lini yanada rivojlantirish va davom ettirish bo‘yicha takliflar bilan to‘lib toshgan. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I. Karimov sharafoti bilan respublika jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egalladi, u tufayli yirik geosiyosiy davlatlar mamlakat nuqtai nazari bilan hisoblashmoqda.

Xitoylik ekspertlar qishloqda turmush darajasini yaxshilashga, umuman aholini ish bilan ta'minlashni oshirishga, agrar sektorni rivojlantirishga, iqtisodiyotning muhim sektorlariga investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan va respublikani rivojlantirishga yangilik kiritishni aks ettiruvchi saylovoldi dasturlariga yuqori baho berdilar. Misol uchun narxlarning davlat tomonidan tartibga solinishini takomillashtirish orqali kommunal xizmatlar qiymatini maqbullashtirish, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning rolini mustahkamlash, eng kam iste'mol savatchasi standartlarini aniqlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish shular jumlasidandir.

Sharqiy Xitoy siyosatshunoslik va huquq universiteti prorektori Lin Yanpin ham O‘zbekistonda qabul qilingan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon yuzasidan fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra ushbu hujjat mazkur sohadagi davlat siyosatining yangi bosqichga ko‘tarilishini anglatadi. Sudlarga imkon qadar mustaqillik berish, ko‘plab jinoyatlarni qamoqda jazolanmaydigan jazolar toifasiga kiritish – bularning barchasi sud-huquq tizimini erkinlashtirish tomon tashlangan muhim qadamdir. Bu O‘zbekistonning fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga intilayotganidan dalolat beradi. Ekspertning ta'kidlashicha, sud byurokratiyasining kamaytirilishi shubhali shaxslarni qamoqda saqlash muddatini kamaytirish, qamoqda saqlash o‘rniga muqobil variant sifatida uy qamog‘ini qo‘llash rejasi huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan ham yuqori baholanadi.

 

Mavzuga oid