Yaponiyalik taniqli rejissyor O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilayotgan yapon ayoli haqida film suratga oladi
Yaponiyalik taniqli rejissyor Kiyosi Kurosava ishchi nomi "Yer chekkasi tomon" deb nomlangan yapon-o‘zbek hamkorligidagi film s'yomkasiga tayyorlanmoqda. Screendaily.com hamda eiga.com kabi qator xorijiy ommaviy axborot vositalarida shu haqidagi xabar tarqaldi.
Ayni damda rejissyor filmni suratga olish uchun munosib joylarni izlab, O‘zbekiston hududini ko‘zdan kechirmoqda. Ta'kidlanishicha, kartina to‘liq O‘zbekistonda suratga olinadi. Undagi rollarni yapon va o‘zbek aktyorlari ijro etishadi. Aktyorlar tarkibi may oyida, s'yomkalar boshlanishi bilan e'lon qilinadi.
Kurosava muallifligidagi ssenariyga asoslangan film O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilayotgan yosh yapon ayoli tarixi haqida hikoya qiladi.
Film tokiolik prodyuserlar Eyko Mizuno-Grey va Jyeyson Grey, Tosikadzu Nishigaya, shuningdek "O‘zbekkino" agentligi bilan hamkorlikda suratga olinadi. Tokio teatrlari ham film targ‘iboti bilan shug‘ullanadi.
Mazkur film O‘zbekiston-Yaponiya diplomatik aloqalarining 25 yilligi va Ikkinchi jahon urushidan so‘ng qisman yapon askarlari tomonidan qurilgan Toshkentdagi Alisher Navoiy teatrining 70 yilligiga bag‘ishlanadi.
Kiyosi Kurosavaning o‘zi bu haqida shunday deydi: "O‘nlab yillar mobaynida temuriylar sulolasi meni o‘ziga maftun qilib kelardi. Bugun Yerning ayni shu qismida O‘zbekiston davlati joylashgan. Endi men Buyuk Ipak yo‘lining o‘rtasida tegishli aktyorlar ishtirokida film suratga olmoqchiman va uning mavzusi shaxsan o‘zim uchun qiziqligidan juda xursandman".
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ushbu voqeaga o‘z munosabatini bildirdi: "Kiyosi Kurosavadek rejissyorning mamlakatimizga katta qiziqish bildirishi va butun bir filmni shu yerda suratga olishi meni juda quvontiradi, albatta. Ushbu film mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlaydi va odamlar uchun ham zamonaviy O‘zbekistonni, ham uning boy tarixini ochib beradi, deb umid qilaman".
Ma'lumot uchun: Kiyosi Kurosava — mustaqil kinorejissyor, ssenariynavis, aktyor, yozuvchi, kinotanqidchi. U triller, detektiv, drama va horror janrlarida faoliyat yuritadi. Kurosava 40 dan ortiq film muallifidir. Kann festivali va Osiyo kinoakademiyasining qator mukofotlari egasi.
Mavzuga oid
20:50 / 23.12.2024
Yaponiyada sun’iy gravitatsiyaga ega Oy majmuasi prototipi quriladi
20:28 / 23.12.2024
Honda va Nissan birlashmoqda. Ular dunyodagi eng yirik uchinchi avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylanadi
18:22 / 22.12.2024
Yaponiyada AESlar yaqiniga radioaktiv zarralardan himoya qiluvchi palatkalar joylashtiriladi
20:30 / 21.12.2024