O‘zbekiston | 08:43 / 01.10.2020
7193
5 daqiqa o‘qiladi

1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Siz ustozingizni yo‘qladingizmi?

Bilim o‘rgatishning savobi bilan birga, mas'uliyati ham katta. Ayniqsa, pandemiya davrida o‘qituvchilarning mashaqqati yanada ko‘paydi. Xalq ta'limi tizimida maktabga kelish istagini bildirgan bolalarga sinfxonalarda, onlayn ta'lim olishni istagan bolalarga esa alohida dars o‘tilmoqda.

Pandemiya sharoitida o‘qituvchilik – xavf eng yuqori bo‘lgan kasblardan biri bo‘lib turibdi. Boz ustiga, ayni paytda O‘zbekiston maktablarida ishlayotgan yarim millionga yaqin o‘qituvchining 20 mingdan ortig‘i pensiya yoshida ekanini ta'kidlash lozim.

Bundan tashqari, ayni paytda o‘qituvchilarda ish yuklamasi ortgan, ham maktabda o‘quvchilarga bilim berayotgan bo‘lishsa, ham uyda o‘qiyotgan bolalarning bilim olishini nazorat qilib borishlari talab etilmoqda. Shunga qaramay, ularni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish to‘xtatib turilibdi.

Kasb bayrami, 1 oktabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan Kun.uz sohaning bir necha vakillari bilan suhbatlashdi.

Feruza Mirzayeva

Ulardan biri – Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-maktab ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Feruza Mirzayeva 38 yildan beri ta'lim tizimida faoliyat yuritadi.

Feruza Mirzayevaning aytishicha, oilada farzandlarga ota-ona qanday mas'ul bo‘lsa, xuddi shunday mas'uliyat maktab ma'muriyatining ham zimmasida bo‘ladi.

«Maktabda 1 800 nafar o‘quvchiga nisbatan mas'uliyatlimiz. Ularning yaxshi bilim olishiga, yurish-turishiga javobgarmiz. Har qancha mas'uliyatli bo‘lmasin, shu kasbni tanlaganim uchun hech qachon afsuslanmayman», – deydi Feruza Mirzayeva.

Maktabning ona tili va adabiyot o‘qituvchilari Zumrad Muqimova, Diyora Saidova ham o‘qituvchilik mashaqqati haqida emas, ko‘proq o‘quvchilarining natijalari bilan faxrlanishi haqida gapirishni ma'qul ko‘rishdi.

Zumrad Muqimova

«Dehqon o‘z mehnati hosilini bir yilda ko‘rsa, o‘qituvchi 10 yil deganda natijani ko‘rishi mumkin. U esa hali natijani, mehnatining hosilini ko‘rmasdan turib ham mehnat qiladi. Kasb mashaqqati mana shunda», – deydi Zumrad Muqimova.

O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, yosh o‘qituvchi Shuhrat Ro‘ziyev esa erkak o‘qituvchilarni maktabga qaytarishni davom ettirish kerak, deya fikr bildirdi.

Shuhrat Ro‘ziyev

«Ta'limdan tashqari, maktab o‘quvchilarning tarbiyasi shakllanishiga ham ta'sir ko‘rsatadi. Bunda, ayniqsa, o‘g‘il bolalarga mardlik, olijanoblik xislatlari erkak o‘qituvchilar orqali singdirilsa, samarasi yaxshiroq bo‘ladi», – deydi u.

Ayni paytda, maktablarda darslar davom etishi bilan bir paytda onlayn ta'lim olishni xohlagan bolalar uchun televizion darslar ham suratga olinmoqda.

Xalq ta'limi vazirligining ma'lum qilishicha, ayni paytda boshlang‘ich sinflar, 5–8 va 10–11-sinflar uchun turli fanlardan darslar suratga olinmoqda. Dars o‘tishga 120ga yaqin o‘qituvchi jalb qilingan.

Teledarslarni suratga olishga jalb qilingan o‘qituvchilarning asosiy ish joyidagi ish haqi saqlanib qoladi va har bir dars uchun eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida haq to‘lab beriladi.

Ingliz tili fani o‘qituvchisi Gulnoza Qosimxonova teledars o‘tish uchun saralab olingan o‘qituvchilardan biri. U maktablarda chet tillarini majburiyat deb bilgan holda o‘rganish kayfiyatini yo‘qotib, bolalar yaxshi ko‘rib o‘rganishiga erishishni maqsad qilgan.

Nodira Azizova esa boshlang‘ich sinflarga teledars o‘tmoqda.

Nodira Azizova

«Dastlab, teledars o‘tishni boshlash oson bo‘lmadi. Sababi – o‘qituvchi o‘quvchilar bilan ishlashga o‘rgangan. U sinfxonada bolalar o‘ziga qarab turganini ko‘rsa, kuch oladi. Biroq bolalar bo‘lmagan auditoriyada dars o‘tish oson emas ekan», – deydi u.

Vaziyat qanday bo‘lmasin, ta'lim berish ishlari davom etmoqda. Faqat yo‘nalish va metodlar o‘zgarmoqda. Pandemiya ham o‘qituvchilarning ishini to‘xtatmadi. Juda ko‘pchilik yoshi katta o‘qituvchilar axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlashni o‘rganmoqda, murakkab jarayonda mehnat qilishmoqda.

Hali o‘qituvchilarga ming dollar oylik berish imkoni bo‘lmasa-da, lekin jamiyat ularning mehnatini o‘n ming dollarlik maosh oluvchi kasb egalaridek qadrlashiga imkon bor.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid