Futbol olamida Madrid va Manchester, ularning o‘zaro raqobati va aloqalarining ahamiyati katta. Zamonaviy futbol qahramonlaridan biri Krishtianu Ronalduning shakllanishida ikki klubning xizmati katta. Aytishlaricha, Roman Abramovichning futbolga qiziqib qolishi va unda «Chelsi»ni sotib olish g‘oyasi paydo bo‘lishida «Real» va «Manchester Yunayted» o‘rtasidagi «Old Trafford»da bo‘lib o‘tgan (YeChL 2002/03 chorak finali javob o‘yini. Inglizlar 4:3 hisobida ustun kelishgan, ammo Madridda 3:1 hisobida yenggan Madrid yarim finalga yo‘l olgan) uchrashuv sabab bo‘lgan ekan. Devid Bekhem, Ruud van Nistelroy, Gabriyel Xayntse, Maykl Ouen, Anxel Di Mariya kabi yulduzlar har ikki jamoa libosini kiyishgan. Hozirda «MYu»ni boshqarayotgan Joze Mourino ham bir paytlar «Real»da ishlagani alohida voqea.
Ammo, aslida bu klublar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar biroz eski, juda mustahkam ekanini ko‘pchilik bilmasa kerak. Hozirda «Real» uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadion nomiga bitilgan Santyago Bernabeu 1958 yilning 6 fevral kuni, ya'ni roppa-rosa 60 yil oldin Myunxenda sodir bo‘lgan fojiadan so‘ng, «Manchester Yunayted»ning oyoqqa turishida katta yordam ko‘rsatgan. O‘sha paytlarda u «Real» prezidenti hisoblanardi.
BeRNABeU VA BASBI

Bu haqida angliyalik Jon Ladden o‘zining «Ikki shahar haqida qissa: Manchester va Madrid 1957-1968» kitobida yozgandi. Unda aytilishicha, «Real»ning buyuk prezidenti Santyago Bernabeu bu jamoa bilan Yevropa Chempionlar kubogining ikkinchi mavsumida, madridliklar yarim finalda «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinlarda 3:1 va 2:2 hisoblarida o‘ynagan paytida qiziqib qolgan ekan. O‘sha paytgacha eng buyuk yulduzlarni «Real»ga olib kelish orqali muvaffaqiyatlarga erishishga odatlangan Bernabeu «MYu» tarkibidagi juda yosh yigitlarning o‘yinlaridan hayratga tushadi va Mett Basbini Madridga taklif qiladi. Shotlandiyalik murabbiy tomonidan taklifning rad qilinishi uni unchalik xafa qilmadi. U bilardiki, Basbi o‘sha yosh yigitlar bilan Yevropani zabt etishdek buyuk orzular og‘ushida edi.
Oradan o‘n oy o‘tib, yosh «Yunayted» halokatga uchradi. Myunxendagi aviahalokat 8 futbolchi, uch murabbiy va yana 10 kishini hayotdan olib ketdi. Chempionlar kubogi chorak finalida g‘alaba qozongan yigitlar halok bo‘lgan, go‘yoki endi Basbining orzulari ham o‘sha Myunxen o‘rmonlarida ko‘milgandi.
O‘sha halokat og‘ushidan chiqmagan «Manchester Yunayted» yarim finalda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Italiyaning «Milan» klubiga 2:5 hisobida yutqazdi. Finalda esa, Xento va Di Stefano kabi yulduzlarning yorqin o‘yinlari evaziga «Real» milanliklarni mag‘lub etdi va Santyago Bernabeu ushbu g‘alabani halok bo‘lgan manchesterliklarga bag‘ishlaydi. U hatto kubokni Manchesterga jo‘natmoqchi bo‘ldi, ammo inglizlarning buni qabul qilishni istamaganlari ham tushunardi. Baribir ispaniyalik prezidentning bu harakati tahsinga sazovor.


















