19:00 / 04.01.2018
73689

Prezident xalqaro aeroportdagi bojxona xizmatlari bo‘yicha yangi qaror imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida yo‘lovchilarga ko‘rsatiluvchi bojxona xizmatlari sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat xalqaro turizmni yanada rivojlantirish, yo‘lovchilarga zamonaviy talablar hamda xalqaro standartlarga muvofiq ko‘rsatiluvchi xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, yo‘lovchilarning Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida bojxona jarayonlaridan o‘tish vaqtini qisqartirish maqsadida imzolandi.

Qaror bilan 2018 yilning 1 yanvaridan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida ikki yo‘lakli tizim joriy etilishi tufayli O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi “Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti” chegaraoldi bojxona posti uchun qo‘shimcha 111 shtat birligi ajratiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga ajratilayotgan shtat birliklarini yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirishni ta'minlash vazifasi topshirildi.

Belgilanishicha, ushbu qarorning bajarilishi bilan bog‘liq pul mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan respublika byudjyetidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha ajratiladi.

Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri J.Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari – “O‘zagrotexsanoatholding” AJ boshqaruvi raisi N.Otajonov va Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Tohiriy zimmasiga yuklandi.  

Mavzuga oid
Top