2013 yili Parijda koding maktabi ochilgan edi. U yerga asosan yoshlar, ko‘p hollarda tajribasiz dasturchilarni qabul qilishadi. Ularga turarjoy va zarur texnikalar taqdim etiladi hamda loyihalarni amalga oshirish so‘raladi. Unga kirish uchun oliy yoki o‘rta ma'lumot haqidagi diplom kerak emas, shuningdek, o‘qituvchi va jiddiy nazorat ham yo‘q. Maktabning asosiy maqsadi — tajriba taqdim etish va iqtidorli mutaxassislarni kashf etishdir. 

42-maktab o‘quvchilari. Foto San Francisco Chronicle

2016 yilda maktab filiali Kaliforniyada ham ochildi. Xuddi shunga o‘xshash loyihalar turli mamlakatlarda ham paydo bo‘la boshladi. Ko‘plab IT-mutaxassislar ham unda kelajak ta'limini ko‘rishganini aytib, loyihani olqishlashdi. 

2017 yil bahorida 42-maktabga IT-mutaxassis Pol Grem va «VKontakte» hamda Telegram Pavel Durov tashrif buyurgan edi. 

«Bugun men 42-maktabda bo‘ldim va hanuz ko‘rganlarim ta'siridaman. Universitetlar, ehtiyot bo‘linglar», - deb yozgan edi o‘z tashrifidan so‘ng Pol. 

«Ksave Nelning 42-loyihasi, dasturlashdagi ko‘p masalalarda ancha ilgarilab ketgan maktabdan lol qoldim. Bu qaysidir ma'noda kelajak ta'limidir», - degan Pavel Durov. 

Qanaqa maktab o‘zi bu?

42-maktab — bu boshlovchi va tajribali dasturchilar uchun xususiy o‘quv ta'lim maskanidir. Uning bo‘limlaridan biri Parijda, ikkinchisi — Kaliforniyaning  Frimont shahrida ochilgan. Uning nomlanishi «Avtostop bilan galaktika bo‘ylab» kitobiga bog‘liq. Asarda o‘ta kuchli sun'iy aql «Hayot, Koinot va barcha boshqa narsalarning asosiy savoli»ga shu raqam bilan javob bergan. Maktabda o‘qish bepul, talabalarga umumiy yotoqxonadan joy, kuchli iMac va cheksiz internet taqdim etiladi. 

Ta'lim jarayoni o‘qituvchilarsiz tashkil etilgan bo‘lib, talabalar internetda axborotni topadi va birgalikda IT-loyihalar ustida ishlaydi. Maktab bir kunda 24 soat, haftasiga 7 kun ishlaydi. Talabalar istagan vaqtda kelib ketishlari mumkin. Bu yerda akademik jadval mavjud emas. Birinchi yilda 70 ming kishi ariza topshirgan bo‘lib, ulardan 3 mingga yaqini test orqali tanlab olingan.

Amerika va Fransiyadagi bo‘limlarida 20 nafaar xodim ishlaydi, ammo ular dars bermaydi yoki talabalarning ishlariga aralashmaydi, balki shunchaki ma'muriy vazifalarni bajarishadi. Rahbariyat o‘qituvchilar orqali bilim berishni qo‘llab-quvvatlamaydi, chunki ularning fikricha, har qanday ma'lumotni mustaqil ravishda internetda topsa  bo‘ladi.