“TONG JAHONI” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti Rossiyada 12 yildirki migrantlarga turli holatlarda bepul yordam berib kelmoqda. Migrantlar uchun ko‘rsatilayotgan barcha xizmatlar bepul. Yaqinda tashkilot rahbari Valentina Chupik Moskva viloyatining Ramenskoye tumani Ostrovsi qishlog‘ida joylashgan Akmal Umarov direktori bo‘lgan "Fabrika FReSh" MChJda migrantlar uchun navbatdagi seminarni o‘tkazdi. Bu safarda Chupikka KUN.UZ jurnalistlari ham hamrohlik qildi.
“Men migrantlar uchun bepul yuristman. Bu bilan 21 yildan beri shug‘ullanib kelmoqdaman. So‘nggi 11 yil esa Rossiyada. Buni qalbimdan kelib chiqib qilaman, migrantlarga rahmim keladi. O‘zim ham migrantman va Rossiya fuqaroligini olishni xohlamayman. Bu migrantlar bilan to‘la aloqani yo‘qotmasligim uchun kerak”, - deydi Chupik.

Uning aytishicha, o‘tgan yil davomida 15 ming 887 murojaat kelib tushgan. Bu yili esa ularning soni yana ham o‘sishi kutilmoqda. Ma'lum qilinishicha, murojaatlarning aksariyat qismi migrantlarning politsiya tomonidan noqonuniy qo‘lga olinishi bilan bog‘liq. Bu murojaatlarning 60 foiziga tengligi aytildi.
“Umuman olganda, Rossiyada migrantlar bilan “mojaroga” boruvchi tomon bu Rossiya davlatidir. Murojaatlarning 75 foizidan ortig‘i RF davlat organlari xodimlari tomonidan migrantlarga nisbatan noqonuniy harakatlar bilan bog‘liq.


Ikkinchi o‘rinda davlatdan noqonuniy tarzda chiqarib yuborish. Statistikaga ko‘ra, har bir migrant sudga tushib o‘rtacha 15 ta huquqbuzarlik qurboniga aylanadi. Politsiyada esa bu 4 ta huquqbuzarlikni tashkil etadi. Demak, Rossiya Federatsiyasida asosiy huquqbuzarlar bu sudyalar.
Migrantlar kelib chiqishiga qarab qo‘lga olinadi, ularga tarjimon, yuridik yordam taqdim etilmaydi, konsullik xabardor qilinmaydi. Ulardan ko‘p holatlarda pul talab qilishadi va bu qo‘lga olishlarning maqsadi qonuniylikni ta'minlash emas, balki aynan uning buzilishidir. Sababi nolegal migrant odatda darhol pora beradi. Legal faoliyat olib boruvchi migrant esa buni qilmaydi, u o‘zini himoya qiladi, hujjatlarini tekshirib ko‘rishni talab qiladi. Natijada u uzr so‘rab qo‘yib yuborilishning o‘rniga, afsuski ko‘p holatlarda sudga yetkaziladi. U yerda ham tarjimon taqdim etilmaydi, guvohning ishtirokiga ruxsat berilmaydi, hujjatlari o‘rganib chiqilmaydi. Bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha protsessual huquqlarning barchasi buziladi. Ya'ni, jarayon audioga yozib olinmaydi, konsullik ishtirok etmaydi. Bu jarayonlar yoki nomiga o‘tkaziladi, yoki eshituvlar umuman bo‘lmaydi. Sudya kelib, politsiyachidan ro‘yxatni oladi va ketadi. Keyinchalik uning yordamchisi qaytib, politsiyachiga mamlakatdan chiqarib yuborish haqidagi qarorlar to‘plamini beradi va shu bilan jarayon tugaydi. Biz esa sudda 85 foizdan ortiq ishlarni yutib olamiz. Bu biz shunday kuchli ekanimizdan emas, balki sudyalarning xatti-harakatidan dalolat beradi.













